Bugun, 26 iyun kuni mamlakatimizning sakkizta shahrida bir vaqtda, Yoshlar kuni va Xalqaro Olimpiya kuniga bag‘ishlangan “Yangi Nafas” yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz” shiori ostida Toshkent, Chirchiq, Guliston, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Samarqand va Shahrisabzda 25 ming nafardan ziyod ishtirokchi “Yangi Nafas” yugurish bahslarida ishtirok etdi.
Maktab o‘quvchilari va talabalar, jamoat arboblari va tadbirkorlar, sportchilar va havaskorlar ushbu sport bayramiga qo‘shildilar. Ishtirokchilar qatorida O‘zbekiston sportining yorqin yulduzlari Oksana Chusovitina, Shahram G‘iyosov, Asal Saparbayeva, Ravshan Ermatov, Dilshod Sobirov, Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev kabi olimpiya o‘yinlari g‘oliblari, jahon va qit’a chempioni bo‘lgan sportchilarning yugurish musobaqasida qatnashganligi yoshlarda, aholi vakillarida sog‘lom turmush tarziga qiziqishni yanada oshirdi.
Tadbirning ochilish marosimida Sportni rivojlantirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari ishtirokchilarga bahslarda omad tilashdi.
Shundan so‘ng, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning musobaqa ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi onlayn tarzda namoyish etildi.
-“Yangi Nafas” sport tadbirining yangi formatda, ya’ni bir vaqtda yugurish musobaqasi sifatida tashkil etilishi yanada ko‘proq shahar va viloyatlarni qamrab olishga imkoniyat berdi. Musobaqani o‘tkazishga tayyorgarlik ancha vaqt egallab, tashkillashtirish jarayoniga yanada jiddiy yondashishni talab qildi. Shu bilan bir qatorda, biz hududlardagi faol va iste’dodli yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishga muvaffaq bo‘ldik, - deya ta’kidladi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhammedov,
– Sport yo‘laklarining puxta ravishda tayyorlanishi, shuningdek, imkoniyati cheklangan yuguruvchilarning xavfsiz va qulay sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minladi. Adliya vazirligi ko‘magida har bir hududda yugurish musobaqasida nogironligi bor insonlarning jamoatchilik birlashmalari ishtirok etdi.
Ommaviy yugurish musobaqalarida ishtirokchilar kutilganidan ham ortiq bo‘ldi. Jumladan, Toshkent va Shahrisabz shaharlaridagi bahslarda 4 ming nafardan ziyod, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Chirchiq, Guliston shaharlarida 2500 nafarga yaqin, Jizzaxda 3 ming nafar atrofida qatnashchilar jam bo‘ldi.
Bu mamlakatimizda yildan-yilga sog‘lom turmush tarzi tamoyillari ommaviylik kasb etayotganligidan, aholi o‘rtasida salomatlik tadbirlariga qiziqish ortib borayotganligidan dalolat.
Qiziqarli va o‘ziga xos tarzda o‘tgan yugurish musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Asosiy sovrinli o‘rinlardan tashqari, tashkilotchilar tomonidan “G‘alabaga bo‘lgan irodasi uchun”, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng yoshi katta ishtirokchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham sovrindorlar aniqlandi.
- Yugurish musobaqalarining bunday ko‘rinishda o‘tkazilishi katta ahamiyatga ega. Bu haqiqiy sport bayrami bo‘ldi. “Yangi Nafas” – yangicha fikrlash, yangi g‘oyalarni, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni istiqbolli maqsadlar atrofida birlashtiradigan maydon bo‘lib qolishiga ishonaman. Ushbu g‘oya boshqa sport turlari bo‘yicha o‘tadigan ommaviy musobaqalarga ham joriy etilsa foydadan holi bo‘lmaydi, nazarimda. Mana, biz Toshkentda yugurayotgan bo‘lsak, xuddi shu vaqtda Samarqandda, Farg‘ona va boshqa shaharlarda ham do‘stlarimiz musobaqalashdi. Ular bilan bahslashish jarayonida onlayn aloqada bo‘ldik. Katta zavq bag‘ishladi. Yana bir gapni aytishim kerak, musobaqa shiori zo‘r tanlangan - “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz”. Ayni holat ham barchamizni birlashtirishga, bir maqsad atrofida jipslashtirishga xizmat qiladi, - deydi yugurish musobaqalarida qatnashgan og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Akbar Jo‘rayev.
Ommaviy yugurish tadbirlari raqslar fleshmobi va estrada yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturi bilan hamohang tarzda davom etdiki, bu, yurtimizda yangicha ko‘rinishda vujudga kelgan ommaviy sport tadbiriga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
[gallery-7737]
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA