Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi nafas” marafoni – 5 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan jizzaxliklarni birlashtirdi
15:42 / 2022-06-26

Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasidan Sharof Rashidov xiyobonigacha bo‘lgan 3 kilometrlik masofaga “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida yugurish marofoni o‘tkazildi.

“Yangi nafas” yugurish marafoni “Yoshlar kuni” va “Xalqaro olimpiya kuni”ga bag‘ishlab tashkil etilib, unda 2 ming nafardan ortiq sportsevarlar ishtirok etdi.

Start chizig‘iga Jizzax viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agetligi, sportni rivojlantirish ishlari, ichki ishlar, Milliy gvardiya, xalq ta’limi, matabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, mudofaa ishlari boshqarmalari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, viloyat OITSga qarshi kurash markazi, nogironlar jamiyati kabi tashkilot vakillari jam bo‘ldi.

– Marafonda 5 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz qatnashdi, – deydi Jizzax viloyati yengil atletika terma jamoasi bosh murabbiyi, musobaqa bosh hakami Alisher Tolipov. – Yugurishga kelganlar orasida 5-6 yoshli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari, umumta’lim maktablari va texnikumlar o‘quvchilari, viloyatdagi 4 ta oliygoh talabalari, uyushmagan yoshlar, ishchi-xizmatchilar, harbiylar, nafaqadagi otaxon, onaxonlar, nogironligi bo‘lgan, jumladan zaif eshituvchi, ko‘zi ojiz, tug‘ma nuqsoni bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham bor.

Ertalab soat 8:00 da yugurish musobaqasiga start berildi. Musobaqa ishtirokchilari viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining kuzatuvida finish chizig‘iga yetib bordi.

[gallery-7742]

– Baxmal tumanida yashayman, abituriyentman, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining jismoniy tarbiya fakultetiga hujjat topshirdim, – deydi Islom Abdukarimov. – Sportning ushbu turi bilan 12 yildan buyon shug‘ullanib kelaman. Har kuni ertalab 5 kilometrga yugurib mashq qilganim uchun ham ushbu bellashuvda g‘olib bo‘ldim, deb o‘ylayman. Bu yil o‘qishga kirib, mamlakat terma jamoasi safida olimpiyada o‘yinlarida, xalqaro turnirlarda, Osiyo va jahon chempionatlarida mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni maqsad qilganman.

Xotin-qizlar o‘rtasida 1-o‘rinni G‘allaorol tumanidan Iroda Sangirova, imkoniyati cheklangan fuqarolardan erkaklar o‘rtasida Muhriddin Meliboyev, ayollar o‘rtasida Hanifa Azimova egalladi.

Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasi o‘g‘il bolalardan Jizzax shahrilik, 6 yoshli Shamshod Pardaboyevga, qiz bolalardan G‘allaorol tumanidan 6 yoshli Zebuniso Mamasharipovaga, “Eng yoshi ulug‘ musobaqa  qatnashchisi” nominatsiyasi erkaklardan Sharof Rashidov tumanidan 72 yoshli Muqim bobo Soliyevga, ayollardan Jizzax shahrilik hamshira Lola Abdusamatovaga nasib etdi. “Eng matonatli ishtirokchi” nominatsiyasi nogironligi bo‘lgan Baxriddin Bo‘riyevga, “Eng tashabbuskor jamoa” Jizzax politexnika institutiga, “Eng faol jamoa” viloyat narkologiya dispanseriga, “Eng ommaviy jamoa” nominatsiyasi Jizzax davlat pedagogika universitetiga topshirildi.

Bundan tashqari, 30 nafarga yaqin imkoniyati cheklangan, tug‘ma nogironligi bo‘lgan, ko‘zi ojiz, zaif eshituvchi musobaqa ishtirokchilariga ham esdalik sovg‘alari topshirildi.

G‘olib, sovrindor va turli nominatsiya sohiblariga sovg‘alarni viloyat hokimi o‘rinbosari Azamat Darxonov topshirdi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA