Joriy yilning 10 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan “Yangi nafas – ekiden” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tkaziladigan mazkur Ekiden musobaqasida ishtirokchilar erkaklar, ayollar va aralash estafeta bahslarida qatnashadi. Ushbu musobaqalarda tarkibi 15 yoshdan katta bo‘lgan 7 kishidan iborat 100 ta jamoa g‘oliblik uchun raqobatlashadi. Musobaqa soat 11:00 da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, Ekiden poygasida har bir jamoa 7 kishidan iborat (7 bosqich) bo‘lib, jamoaning bir nafar a’zosi 1 davrada 3,18 km yuguradi, jami jamoa 22,26 km masofani bosib o‘tadi. Aralash estafeta bahsida jamoa tarkibi kamida 2 nafar ayol va 5 nafar erkakdan iborat bo‘lishi kerak. Agar jamoada 6 nafar erkak va 1 nafar ayol ishtirok etsa, jamoa erkaklar toifasida ishtirok etadi. Mazkur musobaqada yugurishni istagan jamoalar ro‘yxatdan o‘tish uchun 2 million 100 ming so‘m to‘lov qilishlari kerak. Ishtirokchilar “Iticket.uz” sayti orqali va O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi manzilida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar maxsus to‘plamga ega bo‘ladi. “Ishtirokchi to‘plami” 2023 yil 9 dekabr kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha beriladi.
G‘olib va sovrindorlar quyidagi tartibda taqdirlanadi:
1-o‘rin – 7 000 000 so‘m;
2-o‘rin – 5 000 000 so‘m;
3-o‘rin – 3 000 000 so‘m.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA