Buxoro shahri va Qorovulbozor tumanida 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan ommaviy yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida tashkil etilgan yugurish musobaqasi fuqarolar, ayniqsa, yoshlar qalbida mamlakat bayrog‘iga hurmat, vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirish, qolaversa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan muhim tadbirlardan biridir.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
Marafon Buxoro shahridagi “Sitora” bolalar bog‘i yonidan start oldi.
Musobaqa startida so‘z olgan viloyati hokimi Botir Zaripov yig‘ilganlarni milliy yuksalish ramzi va ulug‘vor Vatanimiz timsoli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi bilan qutladi. Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlatimiz rahbari e’tiboridagi asosiy masalalardan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 6 mingdan ziyod ishtirokchi – oliy o‘quv yurtlari talabalaridan tortib umumta’lim va sport maktablarining o‘quvchilari, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollaridan faxriylargacha uch kilometrlik masofa bo‘ylab, g‘oliblik va salomatlik uchun birga yugurishdi.
Marafon viloyat hokimligi, viloyat Yoshlar siyosati va sport, Madaniyat boshqarmalari, O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti xamkorligida tashkil etildi.
"Shahriston" maydonida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi tashkil etildi. Konsert dasturi bilan boshlangan tadbir harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari bilan davom etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Diyora Bozorova birinchi, Rayxona Ro‘ziyeva ikkinchi hamda Mohigul Haydarova faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Shaxriyor Bozorov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Madiyor Aslonov ikkinchi, Ozodbek Saidov uchinchi o‘ringa ega chiqdi. Shuningdek, musobaqada "Eng yosh ishtirokchi" nominatsiyasida Abubakr Usmonov, "Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi" yo‘nalishida esa Rahmon Ramazonov g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Qorovulbozor tumanida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi Imom Buxoriy mahallasi “Mustaqillik” ko‘chasidan start oldi.
Musobaqada 2 mingga yaqin ishtirokchi katnashdi.
– Marafonda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz qatnashdi, – deydi Qorovulbozor tumani hokimining o‘rinbosari Said Qo‘shshayev. – Yugurishga kelganlar orasida o‘quvchilar, uyushmagan yoshlar, ishchi-xizmatchilar, harbiylar, nafaqadagi otaxon, onaxonlar, nogironligi bo‘lgan, jumladan, tug‘ma nuqsoni bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham bor.
[gallery-14675]
Musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari