Andijon shahrida “Yangi nafas” shiori ostida marafon bo‘lib o‘tdi. Viloyat markazidagi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab uyushtirilgan sog‘lomlashtirish yugurish marafonida turli yoshdagi sportsevarlar ishtirok etdi. Jumladan, 2003-2004 yilda tug‘ilgan o‘smir qizlar, ta’lim sohasi vakillari, harbiylar va keksalar startga chiqdilar.
– Marafon mamlakatimizning eng sharqiy hududi bo‘lgan Andijonimizdan boshlanib, Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida nihoyasiga yetadi, - deydi Andijon viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i O‘. Toshpo‘latov. – Marafonni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Yengil atletika federatsiyasi va viloyat hokimligi tashkillashtirdi.



Start chizig‘iga to‘plangan ikki mingga yaqin ko‘ngillilar guruhlarga bo‘lingan holda bellashdi. Asosan yoshlardan iborat sog‘lom turmush tarafdorlari orasida o‘qituvchilar, yengil atletika bilan muntazam shug‘ullanuvchilar, keksalar ham bor.
-Bir necha oydan buyon kunni tongda yayov yurishdan boshlayapmiz, - deydi Andijon shahar hokimligi oila va mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘limining keksalar va yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Tohirjon To‘ychiyev.



– Erta saharda faol nuroniylar avtomobillardan holi ko‘chalarning biri bo‘ylab sayr qilishni odatga aylantirdik.
Start chizig‘idan marra chizig‘igacha bo‘lgan uch ming metr masofani yururib o‘tganlar asosiysi yutish emas – ishtirok etish tamoyiliga amal qildilar. Shunday bo‘lsada, har qanday musobaqada bo‘lgani kabi birinchilar marafon g‘oliblari sifatida e’tirof etildilar. Ularga viloyat hokimining sovg‘alari topshirildi.



Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA