Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida “Sulphotech” kompaniyasining yangi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish zavodi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Amerikaning “Trammo Inc. SIA Pro Logistics Services” ekspeditorlik kompaniyasi rahbarlari va boshqa chet ellik yirik sanoat kompaniyalari vakillari, tuman hokimligining mas’ullari ishtirok etdi.
Zavod yangi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha tengi yo‘q noyob ob’ekt bo‘lib, barcha zarur logistika infratuzilmasi, xomashyo va tayyor mahsulotlarni saqlash omborlari, quvvati soatiga 400 tonnagacha bo‘lgan xomashyo va tayyor mahsulotlarni yuklash stansiyalari bilan jihozlangan.

Zavod qurilishi 2022 yil oktyabr oyida boshlangan bo‘lib, to‘liq 20 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladi. Loyiha quvvati yiliga 200 ming tonna o‘g‘it ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Zavodning ishga tushirilishi 150 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratish va yillik eksportdan 30 million dollargacha daromad olish imkonini beradi.

Zavod qurilishida eng yangi texnologiyalar, jumladan, mahalliy va import ishlab chiqaruvchilarning yuqori sifatli uskunalari va materiallaridan foydalanilgan. Zavod mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik va ekologik xalqaro standartlarga javob beradigan quruq va nam chiqindilarni tozalash tizimlari bilan ta’minlangan.

Mahsulotlar yuqori hosil olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini yaxshilash, tuproq unumdorligini uzoq muddat saqlashga xizmat qiladi.

Mazkur zavodning qurilishi mintaqa va milliy iqtisodiyot uchun muhim qadam bo‘lib, ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirib, O‘zbekistonning jahon o‘g‘itlar bozoridagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.