Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi mehnat kodeksi qanday manfaatlarni ko‘zlaydi?
13:11 / 2022-11-05

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, olimlar va soha mutaxassislari ishtirokida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 28 oktyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining ahamiyatini huquqni qo‘llovchilarga tushuntirish, uning ijrosini ta’minlash  masalalari muhokama qilindi.

Anjuman avvalida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov, Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov qayd etganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Parpiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Dilmurod Ismoilov, Abdumalik Akramov o‘z ma’ruzalarida yangi kodeks loyihasini ishlab chiqish chog‘ida 10dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganilgani, kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida bir yil davomida tahlil etilib, maromiga yetkazilgani ta’kidlandi.

Mehnat sohadagi munosabatlarni tartibga solish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega. Amaldagi mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingan bo‘lib, zamonaviy voqelikka mos kelmaydi. Ushbu kodeks fuqarolarni mehnatga jalb qilishning yangi shakllarini nazarda tutmaydi. Shu bois ham yangi tahrirdagi mehnat kodeksi ishlab chiqilib, davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlandi.

Yangi tahrirdagi mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli uch barobar katta bo‘lib, 581 ta moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi.

Yangi kodeksdagi normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashida, hayotda samarali tatbiq etilishida mehnat bozori ishtirokchilari, ishchi-xodimlar, ish beruvchilar, ish izlovchilar hamda vakolatli tashkilot va idoralar mas’ullariga hujjatdagi moddalarning mazmun-mohiyatini sodda, aniq va to‘g‘ri tushuntirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mehnat bozorining kelajakdagi rivoji uchun xizmat qiladigan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Mazkur kodeks istiqbolda kichik biznes sub’ektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solishga imkon beradi. Rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etadi. Mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayib, “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtiriladi.  

Gender tenglik, neytrallik tamoyillari, imkoniyati cheklangan shaxslarning mehnat qilish huquqi ta’minlanadi. Ish beruvchilarning mehnat bozoridagi yangi mehnat turlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi, mehnat shartnomasi turlari kengaytiriladi va norasmiy tarmoqlarda ishlovchilarni legallashtirishga erishiladi.

– Amaldagi kodeksning foydalanish ko‘lami asosan davlat tashkilotlari va sanoatning yirik korxonalariga qaratilgan bo‘lib, kichik biznes va yakka tartibdagi tadbirkorlikda ishlaydigan shaxslarning mehnatini huquqiy tartibga solish xususiyatlari hisobga olinmagan, – dedi seminar muhokamalarida so‘zga chiqqan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi raisi, deputat Solijon Mo‘minov. – Bundan 27 yil oldin ishlab chiqilgan, hozirda kuchda turgan Mehnat kodeksi bozor iqtisodiyotiga o‘tish vaqtida qabul qilingan edi. O‘sha kezlarda kodeksda xususiy sektor ulushi atigi 21 foiz bo‘lgan, hozir esa 83 foizdan oshgan. Amaldagi mehnat kodeksida muddatli mehnat shartnomasini tuzish uchun faqat uchta asos mavjud. Yangi Mehnat kodeksida esa 19 ta asos keltirilmoqda. Bunday normalarning kengayishi biznes yuritish hamda jadal sur’atlarda o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga tezkor moslashish imkonini beradi.

Seminar yakunida alohida keltirib o‘tilganidek, yangi tahrirdagi kodeks mehnat munosabatlari sohadasigi qator muammolarni, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, parlament vakillari, mahalliy kengash deputatlari, bandlik markazi mutaxassislari, huquqshunoslar tomonidan yangi tahrirdagi mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini fuqarolarga, ijro etuvchi mutasaddilariga hamda tadbirkorlarga keng ko‘lamda yetkazish lozimligi bildirildi.

 

Oqilxon Dadaboyev,  

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.