Buxoroda “Grand Yemir Residence” mehmonxonasi ish boshladi
“Аuthentic travel” сайёҳлик корхонаси қурувчилари томонидан бунёд этилган икки қаватли ушбу меҳмонхона 16 хонадан иборат бўлиб, оилавий мижозлар учун қулай.
Mamlakatimizda turizm va turistik xizmatlarni rivojlantirish, yangi turistik yo‘nalishlar tashkil etish, mehmonxona va servis xizmati ko‘rsatish sifatini yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish va turizm sohasi subyektlari uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Authentic travel” sayyohlik korxonasi quruvchilari tomonidan bunyod etilgan ikki qavatli ushbu mehmonxona 16 xonadan iborat bo‘lib, oilaviy mijozlar uchun qulay.
Mehmonxonaning o‘ziga xosligi shundaki, xonalar raqamlanmagan bo‘lib, qadimiy va yirik shaharlarimiz hamda milliy madaniyatimiz tarixida muhim o‘rin tutgan ulug‘ mutafakkirlar, xalq qahramonlari nomi bilan ataladi. Eshik va ichkari devorlari tegishli shaharga xos bo‘lgan milliy yog‘och va ganch o‘ymakorlik bezaklari, mumtoz asarlar qahramonlari siymosi bilan naqshlangan. Bu xorijlik sayyohlarda milliy me’morchilik an’analari va san’atiga katta qiziqish uyg‘otishi bilan ahamiyatlidir. Mehmonxonada kichik anjumanlar zali ham mavjud.
– Turizm operatori sifatida xorijlik sayyohlarni Buxoroga taklif etish, kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, sayyohlik yo‘nalishlari bo‘ylab safar uyushtirish bilan shug‘ullanamiz, – deydi “Authentic travel” sayyohlik korxonasi rahbari S.Bobokalonov. – Endilikda sayyohlarga mehmonxona xizmati ham ko‘rsatmoqdamiz.
Viloyatda turizmni rivojlantirish hududiy dasturi asosida sayyohlik infratuzilmasi mustahkamlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda to‘rtta yangi mehmonxona qurilib, ularning soni 106 taga yetdi. Bu 300 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.