Toshkent viloyatida haftaning har shanbasi “Fermerlar kuni” sifatida qishloq xo‘jaligi masalalarini muhokama qilish belgilangan.
Shu munosabat bilan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida tuman hokimlari, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari, klasterlar hamda barcha yo‘nalishdagi fermer xo‘jaliklari raislari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2026 yil qishloq xo‘jaligi mavsumiga tayyorgarlik masalalari, xususan, g‘alla va paxta ekinlarini parvarishlash, zamonaviy va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, bahorgi dala ishlarida ishtirok etadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash, yangi texnikalar xaridi, shuningdek, sug‘orish mavsumiga qadar ichki ariqlarni betonlash masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.
Muloqot avvalida, 2026 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlarining holati va ularni parvarishlash ishlari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Tahlillar natijasida viloyat bo‘yicha g‘alla maydonlarining ma’lum qismi rivojdan orqada qolayotgani, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilmayotgani aytildi. Shu bilan birga, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, g‘o‘zapoyadan tozalash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlarida jiddiy kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Mas’ul idoralar va tuman rahbarlariga g‘alla hosildorligini oshirish, belgilangan topshiriqlar ijrosini nazoratga olish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishda 2026 yil paxta hosili uchun chigit ekish ishlariga tayyorgarlik, jumladan, Shinjon texnologiyalari, tomchilatib sug‘orish va plyonka ostiga ekishni keng joriy etish masalalari muhokama qilindi. Har bir tumanda paxta maydonlarini fermerlar bilan kelishgan holda aniq belgilash, zarur texnikalar, urug‘, plyonka va tomchilatib sug‘orish uskunalari zaxirasini yaratish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Bahorgi dala ishlarida qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini markazlashgan holda ta’mirlash ishlari ko‘rib chiqildi. Texnikalarni ta’mirlash ishlari sust kechayotgan hududlar tanqid qilinib, barcha texnikalarni belgilangan maskanlarga jamlash, qisqa muddatlarda ta’mirdan chiqarish hamda bu jarayonga qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bu yil sug‘orish mavsumigacha fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining ichki ariqlarini betonlash ishlari muhokama qilindi. Amaldagi ishlar rejaga nisbatan qoniqarsiz ekani qayd etildi. Har bir tumanda kunlik nazorat o‘rnatish, joylarda amaliy seminarlar tashkil etish va monitoring guruhlari faoliyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
A.Musayev, O‘zA.