Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi mavsum “Maysaraning ishi” spektakli bilan boshlandi
17:41 / 2024-09-20

O‘zbekiston davlat satira teatri o‘zining 38-ijodiy mavsumini boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev mazkur teatr jamoasining ijodiy yo‘li, tarixi xususida batafsil so‘zlab berdi. Aytish kerakki, Abdulla Qahhorining “Tobutdan tovush” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl bilan o‘z faoliyatini boshlagan teatr jamoasi keyinchalik “Gap o‘z egasini topadi” hajviy dasturi bilan muxlislarni xushnud etgan edi.

Teatr jamoasi ijrosida tomoshabinlarga taqdim etilayotgan asarlar jamiyat hayotidagi, odamlar tabiatidagi illat va kamchiliklarni ochib berish, ularni bartaraf etishda alohida ahamiyat kasb etadi. Rey Kuni asari asosidagi “Qo‘sh arava yuki” (rejissyor Mansur Holiqov), Uzayr Hojibekovning “Arshin mol olan” (rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev), G‘afur G‘ulomning “Shum bola” ( rejissyor Jo‘rabek Ro‘zmetov) va boshqa ko‘plab sahna asarlarini tomoshabinlar iliq kutib olgan.

O‘zbekiston davlat satira teatri bosh direktori Fotih Jalolov ushbu satira yo‘nalishi tomosha san’atida eng murakkab va mas’uliyatli bo‘lsada, aktyorlar, ijodkorlar o‘z vazifasini sidqidildan ado etib, tomoshabinlarni mamnun qilayotganini, yangi mavsumda yangi asarlar, yangi obrazlar taqdim etilajagini alohida e’tirof etdi.

Yangi mavsum Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Maysaraning ishi” asari asosidagi spektakl bilan boshlandi. Manmanlik, manqurtlik keskin hajv ostiga olingan ushbu sahna asari tomoshabinlarga g‘oyat manzur bo‘ldi.

N.Usmonova, O‘zA