English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi mavsum “Birinchi qaldirg‘och” spektakli bilan boshlandi
14:11 / 2025-09-08

O‘zbek Milliy akademik drama teatri mamlakatimiz teatr jamoalari orasida o‘zining zalvorli repertuari, katta ijodiy tajribasi, yuksak mavqe va maqomi bilan ajralib turadi. Mazkur ijodiy jamoa 111-ijodiy mavsumini “Birinchi qaldirg‘och” (“Ma’suma”) spektakli bilan boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, ijodkor ziyolilar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, teatr muxlislari ishtirok etdi.  

O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev va boshqalar mamlakatimizda milliy teatr san’atiga qaratilayotgan e’tibor yangi badiiy barkamol asarlarni yaratishga turtki berayotganini ta’kidladi. “Ma’suma” spektakli ana shunday e’tiborning natijasidir.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton asari asosida rejissyor Asqar Xolmo‘minov tomonidan sahnalashtirilgan ushbu spektakl mazkur teatrda faoliyat ko‘rsatgan ma’rifatparvar san’atkor Ma’suma Qoriyevaning taqdiri, boshiga tushgan og‘ir kunlar, uning iste’dodi, poymol bo‘lgan orzu-umidlari haqida hikoya qilishi bilan diqqatga sazovor.  

Spektakl teran tarixiy ahamiyatga ega ekani bilan e’tiborli.  O‘tgan asr boshlarida ushbu teatrda ayollar rolini jasorat bilan ijro etgan san’atkor Ma’suma Qoriyevaning hayoti ham sho‘rolarning qatag‘on qilichidan chetda qolmagan edi. Uning umr yo‘ldoshi Bosit Qoriyev repressiyaga uchragach, buning achchiq oqibati Ma’suma  Qoriyeva taqdiriga o‘z ta’sirini o‘tkazgan edi. Aktrisa sahnaga chiqishdan mahrum etilgan edi...Ikkinchi jahon urushi boshlangach, opa “Qatag‘onga uchragan umr yo‘ldoshimga yengillik bo‘lar”, deb ikki o‘g‘lini frontga yuboradi. Biroq, na turmush o‘rtog‘idan, na farzandlaridan darak bo‘lmagach, Ma’sumaning o‘zi Moskvaga yo‘l oladi. Oila boshlig‘i otilgan, o‘g‘illari urushda halok bo‘lganini eshitgan Ma’sumaning yuragi bunday musibatga dosh berolmaydi...  

Spektakl garchi taniqli aktrisa hayoti, uning og‘ir taqdiri haqida hikoya qilsa-da, ushbu asar barcha tomoshabinlarni tinch va osoyishta kunlarning, hayotning, tiriklikning, mustaqilligimizning, yorug‘ kunlarimizning qadriga yetishga chorlashi bilan diqqatga sazovor.  

N.Usmonova,  

O‘zA