Shu kunlarda mamlakatimizdagi barcha teatr jamoalari o‘zining yangi ijodiy mavsumini boshlamoqda. Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri ham o‘zining 87-mavsumini tantanali ruhda boshladi.
Ushbu ijodiy mavsumning ochilishi ustoz ijodkor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Yangi mavsum avvalida O‘zbekiston xalq shoiri To‘rob To‘la asari asosida atoqli bastakor Farhod Alimov musiqasi bilan qaytadan sahnalashtirilgan “Nodirabegim” spektakli teatr muxlislari e’tiboriga havola etildi.
– Bu spektaklni ustoz Bahodir Yo‘ldoshev bundan 33 yil avval sahnalashtirgan edilar, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov. – Oradan yillar o‘tib, mazkur spektakl yana sahna yuzini ko‘rdi. Ushbu teatr jamoasi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining vakillari ustoz Bahodir Yo‘ldoshev mehnatiga qayta jon kiritdilar. Spektaklning ahamiyatli tomoni shundaki, unda talaba-yoshlar bilan birga mohir ustoz san’atkorlar bir sahnada ijod qildilar. Bahodir aka rejissyor Aleksandr Ginzburg bilan doimo birgalikda mehnat qilishar edi. Ularning “Bizni faqat mehnat qutqaradi!”, degan so‘zlari bugun ham dolzarb. Spektaklning muvaffaqiyatida ustoz san’atkorlar bilan birga talaba-yoshlarimizning ham zahmatli mehnatlari beqiyos.
– Davlatimiz rahbarining san’atga ko‘rsatayotgan e’tibori natijasida teatrimiz qoshida O‘zbekiston xalq artisti Lutfixonim Sarimsoqova nomidagi musiqali teatr san’ati kafedrasining filiali tashkil etilgan, – dedi Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrining bosh direktori, ustoz san’atkor Azim Mullaxonov. – Aynan shu kafedra bugun yoshlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda. “Nodirabegim” spektakli ham ana shu kafedra faoliyati natijasi, deyish mumkin. Bu yerda "ustoz-shogird" an’analarining tiklanib, go‘zal natija berganini ko‘rish mumkin. Ustoz Bahodir Yo‘ldoshev ham teatrimizda spektakllar qo‘yganlar. “Nodirabegim” sahna asari ham ularning biridir.

Aytish kerakki, davlatimiz rahbari Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatriga doim katta ishonch bildirib, alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib keladi. Mustaqillik bayrami arafasida mazkur teatr jamoasining bir guruh ijodkorlari Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangani ham ayni e’tiborning namunasidir.
Spektaklda Nodirabegim obrazini Mehrinozbegim Abdullayeva, Amir Nasrullo obrazini Hasanboy Ibragimov, Madalixon obrazini Shahboz Latipov yaratgan bo‘lsa, Samandar Rasulov — Qora Mirza, Davlatmirzo Toirov — Hoji Farrux, Go‘zal Abduhakimova — Kanizak, Sobirjon Yo‘ldoshev — Hojidarg‘a rollarini mahorat bilan ijro etishdi. Uvaysiy rolini O‘zbekiston xalq artisti, ustoz san’atkor Mehrixonim Bekjonova gavdalantirgan.
Professional aktyorlar bilan bir sahnaga chiqqan talaba-yoshlar bor mahoratlarini ishga solib, ularga topshirilgan rollarni to‘laqonli va hayotiy tarzda aks ettirishga harakat qilishdi.
Sahnalashtiruvchi rejissyorlar – institutning Musiqali teatr san’ati kafedrasi mudiri Rashid Usnatov va teatr bosh rejissyori Doston Xaqberdiyev. Rejissyor yordamchisi - kafedra katta o‘qituvchisi Bobur Husanov, rassom – Dilmurod Mo‘minov.
O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la asari hamda O‘zbekiston san’at arbobi bastakor Farhod Alimov musiqasi asosida sahnalashtirilgan ushbu asarda Qo‘qon xonligining XIX asrdagi hayoti, xususan, shoira va malika Nodirabegimning taqdiri yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Yovuzlik va ezgulik, xiyonat va sadoqat, zulmat va nur, jaholat va ma’rifat o‘rtasidagi ayovsiz kurash tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Tomoshabin beixtiyor ona-yurtimiz istilochilar changaliga qanday omillar asosida tushib qolgani xususida chuqur o‘yga toladi.
Spektakl orqali milliy she’riyatimizning betakror namoyandasi Nodirabegimning boshiga qanchalar og‘ir sinovlar tushmasin, uning nainki benazir shoira, balki o‘z xalqining vatanparvar, jasur, mard, qat’iyatli, shijoatli, imoni butun, diyonatli farzandi bo‘lgani g‘oyat ta’sirli tarzda ifoda etilgan. Sahna asari garchi og‘ir dramatik jarayonlarga to‘la bo‘lsa-da, betakror milliy qo‘shiqlar, raqslarga boyligi uning jozibadorligini ta’minlaydi.
“Nodirabegim” spektakli tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri