Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimli davom etmoqda.
Namangan shahrida oilalarni mustahkamlash, gender tengligini ta’minlash kabi dasturiy yo‘nalishlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga asosan yangi ochilgan “Oila va xotin-qizlar maskani” buning yorqin dalolatidir.

Sumalak dahasida joylashgan 11-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi binosida tashkil etilgan markaz faoliyati milliy qadriyatlarni e’zozlash, oila institutini rivojlantirish va mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Maskanning ochilish marosimida shahar jamoatchiligi vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xotin-qizlar follari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, nuroniylar jam bo‘ldi.

Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev bunday xayrli sa’y-harakatlar xotin-qizlar va oilaviy munosabatlar hamda jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, yoshlarni turmushga tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidladi.


Maskanda onalar va bolalar xonasi, hunarmandchilik markazi, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga psixologik yordam ko‘rsatish, huquqiy va tibbiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi tegishli qarori ijrosi doirasida, yosh kelin-kuyovlarga oila ilmi, Islom dinida ayolning o‘rni, farzand tarbiyasida ota va onaning burchi, er va ayolning vazifalari to‘g‘risida o‘quv kurslari olib boriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.