Bugun yoshlar qalbida Yangi Renessans sari dadil odimlab borayotgan Yangi O‘zbekistonga munosib bo‘lish, ularda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirish vazifasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi jamiyatning navqiron avlodi nafaqat puxta bilimli, yuksak salohiyatli, balki o‘z taqdirini mamlakat taqdiri bilan chambarchas bog‘lab, ijtimoiy faollikni munosib namoyon eta olishi shunchalar muhim.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Prezidentimizning "Yangi O‘zbekiston strategiyasi" asari mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar va islohotlarning maqsadi, mazmun-mohiyati hamda ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyotimizning istiqbollari haqidagi muhim manbadir. Mazkur kitob xalqimizning Yangi uyg‘onish davri asoslarini yaratish bilan bog‘liq ezgu orzu-intilishlari, ularni amalga oshirish borasidagi eng muhim vazifalarni atroflicha tahlil etishga xizmat qiladi.
Ha, hayotga katta orzular bilan kirib kelayotgan yoshlar uchun tobora ko‘proq imkoniyatlar yaratilmoqda. Ularning oliy ta’limga qamrovini kengaytirish, o‘qishi, ma’naviyatining to‘g‘ri shakllanishi,tadbirkorlik ko‘nikmalariga, mehnat bandligini ta’minlash yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda tub ijobiy o‘zgarishlar kirib bormagan, islohotlarga yuz burmagan sohaning o‘zi qolmadi. Bu, albatta, istiqlol, erk sharofatidir.
Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Bugun qutlug‘ sanaga 31 yil to‘ldi.
Ha, Istiqlolning dastlabki yillarida qanchadan-qancha zalvorli muammolarga duch kelindi. Ularni imkon qadar bartaraf etishga harakat qilingan bo‘lsa-da, baribir hayot degani har lahzada yangi muammoni jamiyat oldiga ko‘ndalang qo‘yaveradi.
Ayniqsa, keyingi olti yil davomida odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni puxta o‘rganish, turli dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim va yo‘l topish, aholini qiynayotgan kamchiliklarni hal etish masalasiga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Xalq bilan muloqotning eng maqbul va keng qamrovli mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Darhaqiqat, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi hamda “Inson qadri uchun” tamoyili zamirida ulug‘ ajdodlarimiz, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassamligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan tamoyillarga rioya etgan holda dunyo bilan hamqadam borayotgan, o‘z xalqi uchun esa erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlat jahon ko‘z o‘ngida aks etmoqda.
Bu yo‘lda Vatanimizga bo‘lgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, fidoyilik bilan Yangi O‘zbekistonni yangi marralar sari dadil odimlashiga o‘z hissa qo‘shayotganimizda, albatta, cheksiz baxtiyormiz.
Abror Otaboyev,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi Raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi