Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Markaziy Osiyodagi demografik siyosat: u bugungi kun talablariga javob bera oladimi?
16:23 / 2025-11-25

Yaqinda Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan xalqaro forum shunday nomlandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) vakillari ham ishtirok etdi.

Forumda demografik jarayonlar, demografik dividenddan samarali foydalanish imkoniyatlari, yoshlar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar va sifatli ta’limga bo‘lgan ehtiyojlar atroflicha muhokama qilindi.  

MHTI loyiha rahbari Muhabbat Ahmedova o‘z ma’ruzasida O‘zbekistondagi demografik o‘zgarishlarning asosiy tendensiyalari va ularning ijtimoiy infratuzilmaga ta’siri haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Yurtimizda aholi sonining barqaror o‘sishi ta’lim, sog‘liqni saqlash va uy-joy infratuzilmasiga ta’sir ko‘rsatadi. Bizning asosiy vazifamiz esa ushbu muammoni yechish va demografik o‘sishni ijobiy imkoniyatga aylantirishdir. 2024 yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 76 foizga yetdi. Ayollarning oliy ta’limdagi ishtiroki 52,4 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Shuningdek, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish demografik siyosatning eng muhim sohalaridan biri bo‘lib qolmoqda, – dedi M.Ahmedova.

Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan ekspertlar bir qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdi. Jumladan, Markaziy Osiyo miqyosida sifatli statistika va uzoq muddatli demografik prognozlar tayyorlaydigan yagona tadqiqotlar markazini tashkil etish zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga, demografik omillarni uy-joy siyosati, ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilma sohalariga tizimli ravishda integratsiya qilish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Forum yakunida qayd etilganidek, mehnat bozori va ta’lim sohasida o‘zaro tan olinish mexanizmlarini yaratish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida ishga joylashish va ta’lim olish jarayonlarini soddalashtirish zarur. Shu bilan birga, inson kapitaliga qaratilgan investitsiyalarni ko‘paytirish, yoshlar bandligini mustahkamlash va ayollarning iqtisodiy faolligini kengaytirish demografik siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

N.Ziyodullayeva, O‘zA