Markaziy Osiyo azaldan turli madaniyatlar, davlatchilik an’analari chorrahasi sifatida shakllangan o‘ziga xos sivilizatsion hududdir. Mintaqa jahon tarixida qadimiy savdo-yo‘llarining “yuragi”, ilm-fan va ma’rifat markazlari jamuljam makon sifatida muhim o‘rin tutgan.
Shu bilan birga XX asrdagi geosiyosiy o‘zgarishlar va zamonaviy davlatchilik modellari yuzaga kelishi natijasida mintaqaning yagona sivilizatsion makon sifatidagi tasavvuri ma’lum darajada orqada qolayotgan edi. So‘nggi o‘n yillikdagi mintaqa davlatlarining siyosiy yaqinlashuvi, madaniy integratsiya jarayoni va umumiy tarixiy merosni qayta kashf etish tendensiyasi esa bu mafkuraviy birlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari VII Maslahat uchrashuvi yakuni, mintaqa mamlakatlari munosabatlarining zamonaviy holati, istiqboli hamda ahamiyati xususida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon ekspertlari fikrlarini yozib oldi.
Allamurod Archayev, Turkmaniston televideniye, radioeshittirish va kinematografiya davlat qo‘mitasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i:
– Avvalo qayd etish joiz, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi keyingi yillarda yangi strategik mazmun bilan boyib bormoqda. Mamlakatlar o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya, energetika, transport va logistika, suv va energetika resurslarini boshqarish kabi sohalarda rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Hozir birlashish haqidagi g‘oya shunchaki rasmiyatchilik emas, balki qo‘shma mintaqaviy platformalar orqali hamkorlikni chuqurlashtirish shaklida namoyon bo‘lmoqda.
2016 yildan buyon mintaqada ochiq diplomatik siyosat olib borayotgan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatni rivojlantiruvchi yetakchi kuch sifatida maydonga chiqdi, deyish mumkin. Boshqacha aytganda, yurtingiz o‘zaro tovar ayirboshlash, chegara masalalari, transport yo‘laklarini rivojlantirish kabi sohalarda faol tashabbus ko‘rsatib, mintaqaviy integratsiya drayveriga aylandi.
“Betaraflik” siyosatini saqlab qolgan holda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor Turkmaniston ham energetika va transport tizimining muhim vositasi sifatida tranzit gaz va elektr energiyasi loyihalarida alohida o‘rin egallaydi. Shuningdek, o‘lkamiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarida ham mintaqaviy muloqotga munosib hissa qo‘shmoqda.
Umuman, Markaziy Osiyoning birlashuvi hozir iqtisodiy va strategik hamkorlikni chuqurlashtirish asnosida kechmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston faol tashabbuslari bilan, Turkmaniston esa betarafligi, energetika va logistika imkoniyati bilan muhim o‘rin tutadi. Xullas, mintaqada hamkorlikni rivojlantirish nafaqat mamlakatlarimiz manfaatiga xizmat qiladi, balki butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va rivojlanish imkoniyatini mustahkamlaydi.
Olmos Tojiboy, siyosatshunos (Qirg‘iz Respublikasi):
– Shiddat bilan o‘zgarayotgan global voqealar asnosida dunyoning barcha hududlari rivojlanishning muqobil yo‘llarini izlamoqda va Markaziy Osiyo ham bu jarayondan xoli emas. Ko‘p yil davomida mintaqa asosan faqat bir yo‘nalish bo‘ylab integratsiyalashgan. So‘nggi yillarda esa mintaqa davlatlari ko‘p vektorli siyosatni afzal ko‘ra boshladi. Aytish mumkinki, so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyoning siyosiy birdamligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Mintaqaning tranzit va logistika ahamiyati ortib borayotgani yangi bog‘lovchi chizmalar yaratilishini taqozo etadi. Xitoy iqtisodiy ekspansiyasi fonida Yevropaga olib boradigan eng qisqa yo‘nalishlar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Muhim strategik loyiha – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining mantiqiy davomi sifatida ayni yo‘nalish Ozarbayjon orqali o‘tadi.
Bunda Zangezur yo‘lagi alohida ahamiyatga ega. Joriy yil Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida temir yo‘lni tiklash bo‘yicha erishilgan kelishuv mintaqaviy tinchlik va iqtisodiy hamkorlik nuqtai nazaridan burilish nuqtasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Ozarbayjonning Markaziy Osiyo maslahat formatiga qo‘shilishi mintaqa uchun strategik muhim va o‘zaro manfaatli qadamdir. Bu jarayon nafaqat siyosiy integratsiya, balki geoiqtisodiy voqelik yangi bosqichga o‘tishi ko‘rsatkichidir. Shu bilan birga Boku Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni nafaqat energiya va resurs yo‘nalishlari, balki siyosiy qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan ham ustuvor vazifa, deb biladi.
Ayniqsa, bugungi kunda Janubiy Kavkazda tinchlik o‘rnatish, mintaqani tashqi aralashuvdan himoya qilish, uzoq muddatli hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yishda Markaziy Osiyo davlatlarining qo‘llab-quvvatlovi juda muhim. Xullas, Ozarbayjon va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi yangi format geosiyosiy haqiqatga aylanmoqda.
Ma’rufjon Oqilov, Tojikistonning “Dushanbe TV” telekanali direktori:
Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari VII Maslahat uchrashuvi mintaqa tarixida navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi. Bu sammit nafaqat hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini belgilab berdi, balki mintaqada umumiy istiqbolga oid yangicha siyosiy fikrlashni shakllantirishga ham xizmat qildi, deyish mumkin.
Anjumanda qabul qilingan qarorlar, ilgari surilgan takliflar Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, transport-kommunikatsiya yo‘laklarini rivojlantirish, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish kabi strategik yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar ochdi.
Jahon miqyosida kuzatilayotgan beqarorlik, geosiyosiy ziddiyat va global xavf-xatarlar fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari birlashib harakatlanishi strategik ahamiyatga ega. Qolaversa, mintaqa geosiyosiy raqobat maydonidan chiqib, umumiy manfaat platformasiga aylanib borayotgani ham muhim o‘zgarish.
Hozir “Yangi Markaziy Osiyo” deya ta’riflanadigan tushuncha shakllanmoqda. Mintaqamiz nafaqat tashqi sharoitga moslashish, balki tashabbuslar ilgari surish orqali ham o‘z strategik kun tartibini shakllantirish imkoniyatini namoyish etmoqda.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazilgan birinchi Maslahat uchrashuvi ham ahamiyatli. Yetti yildan buyon oltita sammit o‘tkazilib, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘in hamkorlikning yangi bosqichini belgilab berdi.
Diplomatik ekspriment sifatida boshlangan loyiha asta-sekin mintaqaviy muvofiqlashtirishning tan olingan mexanizmiga aylanib, iqtisodiyot, energetika, ekologiya va xavfsizlik sohalarida ishtirok etish uchun strategik asos yaratmoqda.
Ayni jarayonda mintaqaviy diplomatiyaning tashqi qamrovi ham tobora kuchaymoqda. Bunda Markaziy Osiyo davlatlari AQSH bilan muloqot olib boradigan C5+1 formati alohida ahamiyatga ega. Mazkur sammit 2023 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Jo Bayden boshchiligida bo‘lib o‘tgandi. Endi Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davrida ushbu platformani yanada kengaytirish imkoniyati mavjud.
Fikrimcha, keyingi sammitni Vashington yoki Nyu-Yorkda emas, balki Markaziy Osiyo poytaxtlaridan birida o‘tkazish mantiqiy qadam bo‘ladi. Bunday harakat nafaqat format maqomini ko‘taradi, balki mintaqaning xalqaro munosabatlar arxitekturasida o‘sib borayotganini tasdiqlaydi.
Oqiliddin Alimov, TDSHU Sharq mamlakatlari rivojini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi direktori:
– Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi formati 2017 yil O‘zbekiston tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida mintaqaviy siyosiy dinamikani o‘zgartirib, hozirgi kunda Markaziy Osiyoning eng samarali diplomatik platformasiga aylandi.
Avvalgi uchrashuvlarda belgilangan vazifalar amaliyotda aniq natija bermoqda. Chegaralar ochilishi, chekka hududlar aloqlari yengillashishi, ID-kartalar orqali ruxsatsiz o‘tish imkoniyati kengayishi fuqarolar hayotida haqiqiy qulaylik yaratdi va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy ritmini tubdan o‘zgartirdi.
Savdo hajmi ikki, o‘zaro investitsiya besh yarim barobar oshishi, davlatlar o‘rtasidagi sanoat va energetika kooperatsiyasi kuchayishi integratsiya jarayoni izchil va maqsadli siyosat natijasi ekanini ko‘rsatmoqda. Bu raqamlar ortida minglab yangi ish o‘rinlari, arzon va raqobatbardosh mahsulotlar, modernizatsiyalanayotgan ishlab chiqarish infrastrukturasi kabi aniq iqtisodiy natijalar yotadi.
Energetika va suv resurslari masalasidagi o‘zaro yaqinlashuv esa mintaqaning strategik barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Qambarota GESi, Zarafshon daryosi bo‘ylab gidroenergetika loyihalari, Amudaryo havzasidagi resurslarni birgalikda boshqarishga doir mexanizmlar – barchasi mintaqaning uzoq muddatli energetika xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Xalqaro tahlillarga ko‘ra, 2030 yillarga borib suv resurslari bilan bog‘liq muammolar keskinlashishi Markaziy Osiyodagi hamkorlikni raqobatdan ko‘ra muhimroq ekaniga ishora qiladi. Shu jihatdan bugungi izchil hamkorlik mintaqaning kelajakdagi ekologik va iqtisodiy barqarorligini belgilab beruvchi omilga aylanmoqda.
Turizm, madaniy-gumanitar aloqalar va ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalar faollashuvi ham integratsiyaning muhim asosini mustahkamlamoqda.
Joriy Toshkent uchrashuvi “Markaziy Osiyo-2040” konsepsiyasida belgilangan strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun muhim bosqich hisoblanadi. Mazkur hujjat mintaqaning yagona geoiqtisodiy makon sifatida shakllanishi, transport yo‘laklari muvofiqlashtirilishi, energetika kooperatsiyasi, raqamli integratsiya va xavfsizlik mexanizmlari yaratilishini nazarda tutadi. Bu – Markaziy Osiyoning tashqi manfaatlar ta’siridan mustaqil, mintaqa manfaatlari va o‘zaro bog‘liqlikka asoslangan rivojlanish modelini shakllantirishga qaratilgan dasturdir.
Toshkent uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikning xalqaro ahamiyati ham ortganini ko‘rsatdi. Yig‘ilishda Ozarbayjon Prezidenti va BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili ishtirok etgani mintaqa platformasining global ahamiyati oshib borayotganidan dalolat. Bu esa Markaziy Osiyoni Yevroosiyo geosiyosiy tizimida mustaqil sub’ekt sifatida namoyon etib, tashqi siyosatda muayyan birlashgan pozitsiya shakllanishini mustahkamlaydi.
Jumabek Sarabekov, Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti direktori vazifasini bajaruvchi (Qozog‘iston):
– Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi samarali bo‘ldi, deb ayta olamiz. Ushbu safar davomida Ostona va Toshkent bir-birini strategik sherik sifatida qabul qilishini yana bir bor tasdiqladi. Toqayev ushbu safar yakuni bo‘yicha so‘zlagan nutqida “Biz hech narsaga talashmaymiz, aksincha strategik sherikmiz, bir-birimizning pozitsiyamizni kuchaytirish uchun ishlaymiz”, deya ta’kidladi.
Menimcha, bu ijobiy signal. Sababi so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida jiddiy raqobat borligi haqida turli gap-so‘zlar tarqalgandi.
Bu signal bizning manfaatlarimiz mushtarakligi, ko‘zlagan maqsadlarimiz bir-biriga qarshi emasligini anglatadi. Bundan tashqari tashrif davomida ko‘plab kelishuvlar imzolandi. Xususan, ikki mamlakat yetakchilari qiymati 1 milliard dollardan ortiq yettita qo‘shma loyihani ishga tushirdi. Ayniqsa, sanoat sohasidagi qo‘shma loyihalar juda foydali.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi esa mintaqadagi integratsiyani kuchaytiradigan tarixiy voqea bo‘ldi.
Umuman, o‘zimiz yashayotgan mintaqani birgalikda rivojlantirish faqat o‘z manfaatimiz uchun.
Chingiz G‘anizoda, Ozarbayjon Demokratiya va inson huquqlari qo‘mitasi raisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori:
– So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan Ozarbayjon o‘rtasida o‘rnatilgan mustahkam strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabati, faol siyosiy muloqot, shuningdek ikki tomonlama davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari yanada jadallashmoqda.
Oxirgi uch yil Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Ozarbayjonga 30 ga yaqin tashrifi amalga oshirildi, Prezidentimiz Ilhom Aliyev shu davrda qardosh mamlakatlarga 13 marta tashrif buyurdi. Bu Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yuksak darajasidan dalolat.
Zero, Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAga bergan intervyusida mamlakatimiz va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida strategik ahamiyati ortib borayotgan yagona tarixiy, madaniy, geografik va geosiyosiy makon shakllanayotganini ta’kidlagani bejiz emas.
Shu o‘rinda Ozarbayjonning O‘zbekiston bilan aloqalariga alohida to‘xtalmoqchiman. O‘zbekiston biz uchun qardosh davlat, ishonchli ittifoqchi. Ikki do‘st o‘lkani umumiy ildiz, ma’naviy qadriyat, til, etnik yaqinlik, boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Asrlar davomida xalqlarimiz bir-biriga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lib kelgan. Davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevorda muvaffaqiyatli rivojlanib, ittifoqchilikning eng yuqori pog‘onasida borayotgani quvonarli.
O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari o‘rtasida shakllangan do‘stona munosabat ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillardan biridir. So‘nggi bir yarim yil davomida amalga oshirilgan besh o‘zaro tashrif davomida o‘nlab muhim, jumladan Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma va boshqa hujjatlar imzolandi.
Mamlakatlarimiz hamkorligi nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro platformalarda ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Xususan, ikki o‘lka TDTning faol a’zosi sifatida turkiy birdamlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham munosabatlarimiz muvaffaqiyatli davom etayotir.
Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2024 yil 252 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil uch choragida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 87,5 foiz oshib, 319 million dollarga yetdi.
Qolaversa, madaniy-gumanitar hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Toshkentda Haydar Aliyev yodgorligi barpo etilishi, Boku shahrida “O‘zbekiston” bog‘iga poydevor qo‘yilgani mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabat yanada takomillashgani ko‘rsatkichidir.
Bularning bari Ozarbayjon bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar sohalardagi mustahkam qardoshlik munosabatini yaqqol namoyon etadi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, ma’naviy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘tkir ALIMOV yozib oldi.
O‘zA