Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Markaziy Osiyo integratsiyasi: mintaqaviy ishonchdan global sub’ektlik sari
16:29 / 2025-12-14

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo geosiyosiy xaritada faqat joylashuv nuqtai nazaridan emas, balki o‘z rivojlanish dinamikasi, yangicha siyosiy madaniyati va hamjihatlik falsafasi bilan ham alohida o‘rin egallay boshladi. Shubhasiz, bu jarayonda 2018 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ostona shahrida boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan ushbu tashabbus sabab, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat ruhi bugun yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu nafaqat siyosiy diplomatiya natijasi, balki mintaqa xalqlari ongidagi chuqur o‘zgarish, ya’ni umumiy taqdir va birgalikdagi taraqqiyot g‘oyasining mustahkamlanishidir.

O‘zA muxbiri “Dunyoga nazar plyus” loyihasi doirasida Yangi Markaziy Osiyodagi keng qamrovli yangilanish jarayonlarining mohiyati, uning mintaqaviy va global ahamiyati xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Mavluda Adhamjonova fikrlariga qiziqdi. 

– Avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqadagi munosabatlarni tubdan yangiladi, deyish mumkin. Bu format tashqi vositachilarsiz, ochiq muloqotga asoslangan yangicha siyosiy madaniyatni qaror toptirdi. Natijada, ilgari keskinlik masalasi bo‘lib kelgan chegara, suv, energetika kabi muammolarni hal etishda tarixiy ilgarilashlar kuzatildi.

Ayniqsa, 2025 yilda imzolangan O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralarini belgilash to‘g‘risidagi Shartnoma mintaqa tarixida yangi sahifa ochdi. Bu nafaqat huquqiy muammoni hal etish, balki xalqlar o‘rtasidagi ishonch va yaqinlikni amalda mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Shu bilan birga, Qambar ota GES-1, Zarafshon GESlari kabi yirik loyihalar suv-energetika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Turkmaniston bilan erishilgan kelishuv esa umummintaqaviy ekologiya siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Qolaversa, bu kabi hamkorlik natijalarini so‘nggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar o‘sib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollarga yetgani misolida ham ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2 marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, o‘zaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi.

Bu shunchaki o‘sish kuzatilgan raqamlar emas, ular ortida yuz minglab yangi ish o‘rinlari, qo‘shma ishlab chiqarishlar va aholining turmush darajasidagi real o‘sish mavjud.

Shu bois, mintaqadagi iqtisodiy jarayonlar bizning umumiy kelajagimizga xizmat qilmoqda. Sanoatdagi 6 foizlik yillik o‘sish, bu ko‘rsatkichning jahon o‘rtachasidan ikki barobar yuqori ekani Markaziy Osiyo salohiyatining ochiq dalilidir.

Hamkorlikdagi yangi mexanizmlar qo‘shma investitsiya fondlari, chegaraoldi savdo zonalari, xalqaro sanoat kooperatsiya markazlari mintaqaviy rivojlanishning drayveriga aylanmoqda. Bugun nafaqat yirik sanoat loyihalari, balki kichik va o‘rta biznes sub’ektlari ham mintaqaviy iqtisodiy hamjihatlikdan foyda ko‘ra boshladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yettinchi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston yetakchisi taklifi bilan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning ham ishtirok etgani nafaqat formatning geografik doirasini kengaytirdi, balki mintaqaviy integratsiya, iqtisodiy va geosiyosiy aloqalarda yangi bosqichni belgilab berdi.

Qolaversa, bu orqali Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida kuchli geoiqtisodiy ko‘prik barpo etilmoqda. Bu ikki mintaqaning uzviy bog‘liqligi strategik barqarorlik, transport yo‘laklari, energetika xavfsizligi va savdo munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoda kechayotgan yangilanish jarayonlari endilikda alohida-alohida davlatlar rivojining emas, balki butun mintaqa taraqqiyotining birlashgan manzarasini namoyon etmoqda. Davlatimiz rahbari ilgari surgan ochiq muloqot, ishonch va o‘zaro manfaatga asoslangan hamjihatlik modeli ana shu jarayonning markazida turibdi. 

Qayd etish kerak, bugun mintaqa o‘zini global siyosat sub’ekti sifatida namoyon etmoqda. Ozarbayjonning formatga qo‘shilishi esa Markaziy Osiyoning geostrategik ahamiyatini yanada oshirib, Janubiy Kavkaz bilan yangi “iqtisodiy ko‘prik” yaratish imkoniyatlarini ochib berdi. Bu nafaqat siyosiy ahamiyatga ega qadam, balki kelgusi o‘n yilliklarda transport, energiya, savdo va raqamli integratsiya sohalarida ulkan imkoniyat manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bois, Markaziy Osiyoning yangi bosqichdagi uyg‘onish davri xalqlarimizning umumiy maqsadi – tinch, barqaror, farovon va ochiq mintaqani barpo etishga xizmat qilmoqda. Bu yo‘ldagi eng katta kuch esa prezidentlar tomonidan shakllantirilgan, xalqlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan birlik, ishonch va o‘zaro ehtirom tamoyillaridir. 

O‘tkir Alimov, O‘zA