Bugun Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida yangi, mas’uliyatli va umidli bir bosqich boshlanmoqda. Ilgari turli ziddiyatlar, yopiq chegaralar va o‘zaro ishonchsizlik bilan belgilangan bu makon endilikda ochiq muloqot, birdamlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan makonga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi aynan shu jarayonning mantiqiy ifodasi sifatida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, u mintaqaning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjat sifatida e’tibor qozondi.
Albatta, Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan yangilanish jarayonlari tasodif emas. Bu so‘nggi yetti-sakkiz yil davomida davlat rahbarlarining oqilona siyosiy irodasi, xalqlar orzu-umidlariga mos dunyoqarash hamda o‘zaro ishonchga asoslangan yangi siyosiy madaniyatning samarasidir. Haqiqatan ham, bugun mintaqa mamlakatlari “biz faqat geografik emas, balki tarixiy va taqdiriy jihatdan ham bog‘langan xalqlarmiz” degan haqiqatni amalda isbotlamoqda.
Prezident maqolasidagi asosiy g‘oya bu birdamlik va hamjihatlikdir. Ilgari chegaralar xalqlarni ajratgan bo‘lsa, bugun ular hamkorlik ko‘prigiga aylanmoqda. Davlatlar o‘rtasida chegaralarni huquqiy jihatdan aniqlash, suv va energetika resurslaridan adolatli foydalanish, Qambarota GES-1, Zarafshon va Fondaryo kabi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi ishlar yangi siyosiy tafakkurning amaliy ko‘rinishidir. Bu holat chegarani endilikda faqat geografik chiziq emas, balki ishonch, do‘stlik va o‘zaro ehtirom ramziga aylantirmoqda.
Maqolada Prezidentimiz ta’kidlagan yana bir muhim jihat bu “ichki diplomatiya” konsepsiyasidir. Yaqin o‘tmishda mintaqadagi muammolar tashqi vositachilar yordamida muhokama etilgan bo‘lsa, endilikda davlat rahbarlari o‘zaro ochiq va ishonchli muhitda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib bormoqda. Maslahat uchrashuvlari va sammitlar bu jarayonning institutsional asosiga aylanib, mintaqadagi muammolarni mintaqa ichida hal etish an’anasini shakllantirmoqda. Shu ma’noda, Toshkent sammiti faqat navbatdagi tadbir emas, balki strategik hamjihatlikning yangi bosqichi bo‘lishi shubhasiz.
Maqolada keltirilgan raqamlar ham juda ahamiyatli: so‘nggi yillarda mintaqaviy savdo hajmi ikki barobar, investitsiyalar besh barobar o‘sgani, sanoat o‘sish sur’atlari jahon ko‘rsatkichidan yuqori bo‘layotgani bugungi siyosiy yaqinlashuvning iqtisodiy natijasidir. Bu raqamlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ishonch nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy integratsiyani ham kuchaytirganini ko‘rsatadi. “Qo‘shnichilik – xavf emas, imkoniyat” degan fikr bugungi mintaqaviy hamkorlik siyosatining bosh g‘oyasiga aylangani yaqqol seziladi.

Maqolada inson kapitalini rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish masalasiga katta urg‘u berilgan. Markaziy Osiyoning 80 millionlik aholisi va yosh demografik tarkibi bu ulkan imkoniyatdir. Ammo bu imkoniyatni to‘liq amalga oshirish uchun ta’lim, fan, innovatsiya va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Yoshlar uchun qo‘shma forumlar, ilmiy aloqalar va madaniy dasturlar tashkil etilishi mintaqaviy “Markaziy Osiyo fuqaroligi” hissini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz maqolada mintaqaviy xavfsizlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratgan. Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo davlatlarining yagona pozitsiyada bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. “Xavfsizlikning bo‘linmasligi” prinsipi mintaqa barqarorligi uchun asosiy mezon sifatida ilgari surilgan. Afg‘oniston masalasini mintaqaviy barqarorlikning bir qismi sifatida ko‘rish bu nafaqat insonparvarlik, balki strategik ehtiyoj hamdir. Afg‘oniston orqali o‘tadigan transport yo‘laklari va transafg‘on temir yo‘li loyihasi mintaqani jahon iqtisodiy tizimiga bog‘laydigan muhim qadam bo‘ladi.
Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarining shakllanishi mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshiradi. Ilgari har bir davlat alohida muloqot yuritgan bo‘lsa, bugun ular yagona ovoz bilan jahonning yetakchi davlatlari bilan munosabatlar o‘rnatmoqda. Bu jarayon nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy suverenitet va mintaqaviy nufuzni mustahkamlayotganini ko‘rsatadi.
Prezidentimizning “Biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz” degan so‘zlari maqolaning falsafiy va amaliy mohiyatini ifoda etadi. Bu fikr Markaziy Osiyoning yangi dunyoqarashini, ochiq va ishonchli hamkorlik siyosatini aks ettiradi. Bugun mintaqa mamlakatlari tinchlik, taraqqiyot va birdamlik yo‘lini ongli ravishda tanladi. Bu yo‘l faqat davlatlar emas, balki millionlab insonlarning taqdiri bilan bog‘liqdir.
Yangi Markaziy Osiyo bu siyosiy loyiha emas, balki umumiy kelajakdir. Bu kelajakni ro‘yobga chiqarish uchun eng muhim omil o‘zaro ishonch va do‘stona munosabat hisoblanadi.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA