Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi markazda yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi
11:17 / 2025-02-20

Navoiylik Feruzbek Hazratqulov yosh bo‘lishiga qaramasdan “Auto Witson Navoiy” avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etdi. Markazda 7 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarini tashkil etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 7 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham uch yil oldin qabul qilingan xizmatlar sektorini rivojlantirish bo‘yicha katta dastur bugun o‘z samarasini berayotgani, aholi daromadi va to‘lov qobiliyati o‘sishi natijasida yangicha xizmat va servis turlariga talab ortib borayotganligi qayd etilgan edi.  

[gallery-21839]

– Yaqindagina yurtboshimiz yoshlar bilan qilgan muloqotida yoshlarning bandligini ta’minlash, intilishlariga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylanganligi, o‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, ular bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etayotganligini alohida ta’kidladi. Men ham ana shu yosh tadbirkorlardan biri ekanligimdan faxrlandim, – deydi F.Hazratqulov. – Markazimizda avtomobil haydovchilari uchun bir qator servis xizmatlari taqdim etiladi. Jumladan, avtomobillarni zamonaviy jihozlash va yuvish, kimyoviy tozalash, o‘rindiqlarni ta’mirlash va avtoelektrik xizmatlar ko‘rsatiladi. Jamoamiz asosan yoshlardan iborat bo‘lib, ular 4 oy davomida Toshkent shahrida o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishi uchun malakasini oshirib qaytdi. Kelgusida markazimizda elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni quvvatlash stansiyalari, qahvaxona va kutubxona qurish niyatidamiz. Shuningdek, binomizning tepa qavatlaridan unumli foydalanish maqsadida sport zali qurilishi rejalashtirilgan.

Markazda xodimlarning ishlashi va dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari