French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi markaz – yangi imkoniyatlar
20:52 / 2016-01-28

Poytaxtimizda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 24-yilligi munosabati bilan “Boeing” korporatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan Samolyotlarning kompozit materiallarini ta’mirlash markazi ochildi.

Poytaxtimizda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 24-yilligi munosabati bilan “Boeing” korporatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan Samolyotlarning kompozit materiallarini ta’mirlash markazi ochildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xizmatlari, “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi, “Boeing” korporatsiyasi vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori V.Tyan va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining jadal rivojlantirilayotgani aviaparkni yangilash, milliy aviakompaniyamizning yerdagi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish va buning samarasida kompaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat sifati hamda xavfsizligi ta’minlanayotganini ta’kidladi. Zamonaviy laynerlar, kompaniya xodimlarining yuksak kasb mahorati O‘zbekiston milliy aviatashuvchisining ishonchliligi va barqarorligi tasdig‘idir.

Xalqaro aviatashuvchilar bozorida yetakchilar safidan joy olgan milliy fuqaro aviatsiyasi mamlakatimiz faxriga aylandi. So‘nggi 5-yilda aviakompaniyada ko‘plab yirik loyihalar hayotga tatbiq etildi. O‘rta magistralli Airbus A320 laynerlari, yo‘lovchi va yuk tashish uchun mo‘ljallangan yangi Boeing-767 samolyotlaridan muntazam foydalanilmoqda. Milliy aviakompaniyaning Mashg‘ulotlar majmuasida trenajyorlar va «Full-flight» simulyatori o‘rnatilgan. “Navoiy” aeroportida yangi yuk va yo‘lovchi terminallari, Buxoro va Urganch aeroportlarida zamonaviy terminallar ishga tushirildi. Yangi “Toshkent-3” mahalliy aviayo‘nalishlar aerovokzali va “Toshkent” aeroportida yo‘lovchilar uchun blok foydalanishga topshirildi. Singapur, Volgograd, Xabarovsk, Kaliningrad, Minsk shaharlariga yangi yo‘nalishlar ochildi. Mamlakatimizdagi xalqaro maqomga ega barcha aeroportlar rekonstruksiya va modernizatsiya qilinib, ishonchli va takomillashtirilgan tekshiruv texnikasi bilan ta’minlandi.

Buning samarasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” avialaynerlari 2015-yilda 23,2 mingdan ziyod parvozlarni amalga oshirdi. 2,5 milliondan ortiq yo‘lovchi kompaniya xizmatlaridan foydalandi. 42 ming tonnaga yaqin yuk tashildi. Ayni paytda bazasida Xalqaro intermodal logistika markazi faoliyat ko‘rsatayotgan “Navoiy” aeroportidan Dehli, Mumbay, Dubay, Frankfurt, Shanxay, Seul, Milan, Vena, Xanoy, Saragosa shaharlariga yuk tashilmoqda. 2015-yil davomida ushbu markazdan 692 aviaqatnov amalga oshirildi, qariyb 36 ming tonna yuk tashildi. Bu 2014-yilga nisbatan 16 foiz ko‘pdir.

Zamonaviy aviatsiya texnikasi O‘zbekiston aviakompaniyasi havo kemalari parvozlarining xavfsizligi, barqarorligi va muntazamligini ta’minlashning muhim omillaridan biridir. Yevropa, Osiyo va Amerika qit’alarining 40 dan ziyod shaharlariga parvozlarni amalga oshirayotgan milliy aviakompaniyamiz havo kemalariga xizmat ko‘rsatish va ularning parvozga yaroqliligini ta’minlash uning faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Ayni paytda aviakompaniyamiz Boeing-787 Dreamliner samolyotlaridan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Dastlabki ikkita shunday samolyot shu yilning sentabr-noyabr oylarida «Boeing» korporatsiyasi zavodidan keltiriladi. Olis masofaga uchuvchi ushbu zamonaviy havo kemalari ilg‘or texnologiyalar asosida yaratilgan va yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Yo‘lovchi salonlari dizayniga mutlaqo yangicha yondashilgani uzoq parvoz davomida ekipaj a’zolari va yo‘lovchilarga qulaylik yaratadi. Uzoq va o‘ta uzoq xalqaro yo‘nalishlarda foydalaniladigan ushbu samolyot Toshkent–Nyu-York yo‘nalishi bo‘ylab to‘xtovsiz parvoz qilish imkonini beradi.

2 (8).JPG

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 24-yilligiga “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasida Samolyotlarning kompozit materiallarini ta’mirlash markazi ishga tushirildi. Milliy aviakompaniyamiz va xorijiy kompaniyalar samolyotlariga barcha turdagi texnik xizmatlar ko‘rsatish uchun zamonaviy texnik baza va malakali xodimlarga ega ushbu korxona tomonidan taqdim etilayotgan barcha xizmatlar xalqaro sertifikatlar bilan tasdiqlangan.

Shuni ta’kidlash kerakki, aviakorxona mutaxassislari Airbus A320 va Boeing-757/767 samolyotlari planerining kompozitdan tayyorlangan ehtiyot qismlariga xizmat ko‘rsatish tajribasiga ega. Ushbu markazning ishga tushirilishi Havo kuchlari kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha milliy provayderni yanada rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi. Milliy aviakompaniyamiz va «Boeing» korporatsiyasining ushbu qo‘shma loyihasi taraqqiyot va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga intilayotgan O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi zamon bilan hamnafas borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

«Boeing» korporatsiyasi ushbu markazni tashkil etishga yarim million dollar miqdorida beg‘araz sarmoya kiritdi. Korxonaga ushbu mablag‘lar hisobidan titan qotishmalariga ishlov berish va samolyot tumshug‘ini ta’mirlash uchun inert muhitli pechlar, barcha turdagi havo kemalarining kompozit ehtiyot qismlarini ta’mirlash imkonini beradigan uskunalar yetkazib berildi. Markazning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida malakali kadrlar jalb etildi. Ular «Boeing» rusumidagi samolyotlarning kompozit ehtiyot qismlarini ta’mirlash bo‘yicha ta’lim olgan, mexaniklar Singapurda Basic Composites Repair and Metal Bond kursi bo‘yicha nazariy va amaliy tayyorgarlikdan, muhandislar esa Sietlda nazariy tayyorgarlikdan o‘tgan. Shuningdek, joriy yilda «Uzbekistan Airways Technics» mutaxassislarini Boeing-787 Dreamliner laynerlarining kompozitdan tayyorlangan ehtiyot qismlarini ta’mirlash bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan.

– Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ushbu markaz «Uzbekistan Airways Technics» korxonasining muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatish imkoniyatini yanada kengaytiradi, – deydi “Boeing tijorat samolyotlari” bo‘limining Yaqin Sharq, Rossiya va Markaziy Osiyoda savdo bo‘yicha vitse-prezidenti Marti Bentrott. – O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi MDH davlatlari orasida ikkita Boeing-787 Dreamliner samolyotini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan dastlabki kompaniyadir. O‘zaro ishonchli munosabatlarimizda yangi bosqichni boshlab bergan ushbu markazning ishga tushirilishi uzoq muddatli hamkorligimizga xizmat qiladi.

Yaqin istiqbolda “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi Janubiy koreyalik hamkorlar bilan birgalikda Markaziy Osiyoda eng zamonaviy bo‘lishi kutilayotgan “Toshkent-4” yangi yo‘lovchi terminalini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, jahon miqyosida ishonchli, xavfsiz va barqaror aviatashuvchi maqomini saqlab qolish imkonini beradi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Zokirov so‘zga chiqdi.