O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda mamlakatimizda islom dinining tinchlikparvar, ma’rifatparvar g‘oyalarini to‘g‘ri tushuntirish, ulug‘ mutafakkir ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish borasida ibratli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ulug‘ alloma bobolarimizning hayoti, ilmiy faoliyati, merosini sodda, ravon tarzda targ‘ib etish, bu borada kitoblar va risolalarni yaratish, ularni chop etish muhim ekani alohida qayd etilgan edi.
Taqdimotda Markaz tomonidan 2023 yil davomida nashrga tayyorlangan Imom Buxoriyning “At-Tarixus sag‘ir”, Abu Ja’far Muhammad ibn Abu Xotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, Abu Azabaning “Ar-Ravzatul bahiyya fiyma baynal asho’ira val moturidiyya”, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy”, Alouddin Kosoniyning “Kosoniy aqidasi”, Sayyid Abdulmojid G‘avriyning “Hadis ilmi istilohlari ensiklopediyasi” asarlari, shuningdek, “Islom dinida tinchlik” va “G‘uluvning xatarlari” nomli risolalar taqdim etildi.
Taqdimot tadbirida so‘zga chiqqanlar Imom Buxoriy va alloma ajdodlarimiz merosini o‘rganishning ahamiyati, taqdim etilayotgan kitoblarning bugungi kundagi ilmiy qiymati, mutafakkirlar asarlarini tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalari, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil so‘zladi.
Aytish kerakki, o‘tgan davr davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida jami 1400 ga yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 2017-2023 yillar mobaynida ajdodlarimiz ilmiy merosiga oid 22 nomdagi noyob manbalar tarjimasi (shundan 9 tasi 2023 yilda) amalga oshirildi.
“Allomalarimiz haqida 10 haqiqat” turkumidagi ko‘rgazmali vositalar 20 mingdan ortiq muassasa va tashkilotga, shuningdek, jahon ilmiy hamjamiyatini buyuk ajdodlarimiz merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi va boshqa turdosh xalqaro hamkor tashkilotlarga nashr etilgan yangi asarlar yetkazildi.
Tadbirda Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi, doktor Muhammad Nazir Ayyad hamda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich video shaklida tabrik yo‘lladi. Taqdim etilayotgan yangi nashrlarga Markaz ilmiy faoliyatining yorqin natijasi sifatida yuksak baho berdi.
Olib borayotgan tadqiqot va tarjimalar alloma ajdodlarimiz merosini tiklash, zamondoshlarimizni ular qoldirgan boy ma’naviy xazinadan ko‘proq, to‘liqroq bahramand etish va pirovardida islom ilmini yanada taraqqiy toptirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Taqdimotning asosiy ma’ruzachilari buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini, xususan, yurtimizdan chiqqan allomalarning islom ilmlari rivojiga munosib hissa qo‘shganini e’tirof etdi.
Darhaqiqat, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashrga tayyorlangan yangi kitob va risolalar islomning asl qadriyat va tamoyillarini hamda insonparvarlik g‘oyalarini tarannum etishda, zamonlar osha yuksak qadr-qimmatga ega bo‘lib borayotgan asarlarning tub mohiyatini ochib berishda muhim dasturilamaldir.
O‘zbek tilida taqdim qilingan mazkur asarlar mutafakkirlarimiz ilmiy qarashlari ma’nosini yanada yaxshiroq anglashga, ular ta’limotini chuqurroq tushunishga asos bo‘lib xizmat qilishi aniq.
N.Usmonova, O‘zA