Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng qutbli hamkorliklarni olib borilishi, nafaqat mintaqada, balki jahon mamlakatlari orasida ham O‘zbekistonning yangi imijini shakllantirdi.
Buning isbotini birgina O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan iqtisodiy hamda siyosiy hamkorlik aloqalarini rivojlanganligidan ham ko‘rish mumkin. Ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobarga, qo‘shma korxona va loyihalar soni ikki barobarga ko‘paygan. Shuningdek, metallurgiya, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va turizm sohalari yo‘lga qo‘yildi. Madaniyat, san’at va ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlikda ko‘rgazma va madaniyat kunlari o‘tkazildi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumlari yuqori saviyada tashkil etildi.

Bugun o‘zaro bog‘liq dunyoda uzoq istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi tranzit aloqalarni kengaytirish, xavfsizlikni ta’minlash va migratsiya oqimini tartibga solish zaruratining ortishi mintaqaviy muloqot va hamkorlik qilish ahamiyatini oshirmoqda. Shu bois Markaziy Osiyo va Yevropa mintaqasi o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari tobora yaxshilanib bormoqda.
Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Italiya” sammiti ham Markaziy Osiyo hamda Yevropa ittifoqi o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlikning uzviy davomi bo‘ldi. O‘tkazilgan sammitda investitsiya va texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot sohalarida sheriklikni rivojlantirish, ta’lim va madaniy dasturlarni amalga oshirishda samarali amaliy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Sammit doirasida yurtboshimiz manfaatli bo‘lgan bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida doimiy muloqotlarni davom ettirish, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda ko‘ptomonlama formatlarda ishchi mexanizmlarni va maxsus xizmatlar o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Mamlakatimiz rahbari tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun savdo va investitsiya sohasida yangi imkoniyatlar ochish, biznes-muloqot uchun doimiy maydon yaratish maqsadida “Markaziy Osiyo – Italiya” ishbilarmonlar klubini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Qolaversa, ko‘p tomonlama sanoat va texnologik kooperatsiya dasturini ishlab chiqish, “yashil” transformatsiya sohasida ko‘ptomonlama platformalarni ishga tushirish orqali keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirish taklifini bildirdi.
Shuning barobarida, Yevropa davlatlari bilan uzoq muddatli va teng manfaatli hamkorliklar olib borish Markaziy Osiyo davlatlari uchun birdek manfaatli bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni yanada farovonlashtirishga, o‘zaro savdo va investitsiyalar oqimini o‘sishiga, “yashil iqtisodiyot” va “yashil energetika” ulushini ortishiga, ta’lim, madaniyat va san’at uyg‘unligini ta’minlashga katta yo‘l ochadi.
Odiljon Mamatkarimov,
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar,
xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari
qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,
O‘zA.