Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi ma’naviy makonni yaratish uchun munosib chaqiriq
10:40 / 2023-08-03

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining bir guruh faollari va ma’rifat targ‘ibotchilarining O‘zbekiston xalqiga murojaati bilan tanishib, oldimizda turgan ustuvor vazifalarni yanada teran angladik. Ushbu murojaat bugungi tahlikali, har tomondan mafkuraviy xurujlar avj olgan va turli millat ma’naviyatini yemiruvchi odatlar chang solib turgan bir davrda xalq uchun eng zarur chorlov bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Murojaatda keltirilgan masalalar bugungi kunning eng dolzarb va eng chuqur muammolaridir.  

Ayniqsa, murojaatnomada, yosh avlod tarbiyasida mas’ul bo‘lgan ota-onalarga, ziyolilarga, ustoz va murabbiylarga, iqtisodiy va ijtimoiy hayotimizning ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan tadbirkor va ishbilarmonlarga, qadriyatlar beshigi bo‘lgan mahalla faollariga hamda ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlarga alohida urg‘u berilgani, hayotiy va ilmiy nuqtai nazardan aniq yo‘nalishlar berilganligi barchani birdek jasorat ko‘rsatishga chorlaydi.  

Bugungi kunda hayotimizda sodir bo‘layotgan ba’zi salbiy va noma’qul holatlarning asl ildizini, albatta, oiladan qidiramiz, chunki oilada tarbiya masalasida beparvo bo‘lib, bir chekkada qo‘l qovushtirib turish, bu – Vatan kelajagini yo‘q qilish bilan barobardir. Beparvolik bilan ularning tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ysak, qalbini, ongini mobil aloqa va internet vositalaridagi turli zararli va bo‘lmag‘ur “virus”lar hamda turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishga, natijada kelajagimizni, farzandlarimiz hayotini barbod bo‘lishiga olib keladi.  

Ushbu chaqiriq yurtimizdagi barcha ota-onalar va ziyolilar oldiga jamiyatimizda bo‘layotgan muammolarga befarq bo‘lmaslikka, farzandlarimizni mehnatga, ilmga, hunarga o‘rgatish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ona tabiatni sevish va asrashga o‘rgatish va uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazishdek mas’uliyatli vazifani qo‘ymoqda.  

Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda aholi, ayniqsa yoshlarning milliy o‘zligini anglashlarida, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan ma’naviy boyligi bo‘lgan milliy qadriyatlarimiz – vatanparvarlik, mehnatsevarlik, halollik, to‘g‘riso‘zlik, irodalilik, qat’iyatlilik va qator ijobiy xislatlar asosida tarbiyalash orqali yurtimizda vatanparvar, jamiyat ishlarida faol va fidoyi shaxslarni tarbiyalashdek ulkan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishga undaydi.  

Bu borada mahallalarning ham o‘rni beqiyosdir. Mahallalar millatimiz kelajagi, ma’naviyati, madaniyatini saqlash va mustahkamlash uchun muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Qaysi bir mahallada ziyoli va ma’rifatparvar qatlam shakllansa, ushbu mahallada o‘sib kelayotgan yoshlar ham ulardan o‘rnak olgan holda vatanparvar, o‘z kelajagi va taqdiriga befarq bo‘lmagan shaxs bo‘lib kamol topishiga guvoh bo‘lamiz va bunda millat ziyolilarining o‘rni beqiyos ekanligini anglaymiz.  

Hech birimizga sir emaski, bugungi globallashuv sharoitida tahdidlar o‘zining “Yangi” tizimini joriy qilyapti. Ushbu murojaatnomaning asl maqsadi ham xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar va yuksak axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash va targ‘ibot ishlarini tashkil etishda targ‘ibotning eskirgan, zerikarli va samarasiz usullardan voz kechib, har bir uchrashuv va muloqotni ta’sirchan, noan’anaviy va aniq natijaga xizmat qiladigan yangicha usullardan foydalanishga jiddiy yondashish barobarida, ma’naviyat va targ‘ibot fidoyilaridan katta kuch va yangidan-yangi tashabbuslar bilan faol ishtirok etishni talab etmoqda.  

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda yangi ma’naviy makonni yaratishdek ulug‘vor vazifalarni o‘zida mujassam etgan ushbu murojaatnoma xalqimizni buyuk maqsadlar sari dadil boshlab borayotgan Prezidentimiz atrofida, muqaddas Vatanimiz bayrog‘i ostida qudratli xalq bo‘lib birlashib, ulkan marralarni zabt etishga chorlovchi chaqiriq bo‘ldi.  

 

Akramjon Muqimov,  

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi  

Navoiy viloyati bo‘limi rahbari  

O‘zA