FOTOREPORTAJ
Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida Farg‘ona shahridagi Madadkor mahallasi hududida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi 500 o‘rinli maktab, 280 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 180 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli zamonaviy turar-joy majmuasi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-24951]
Marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov so‘z olib, barchani bayram bilan samimiy tabrikladi. Yangi inshootlar aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi islohotlarning amaliy namunasi ekanini ta’kidladi. Tashabbuskor tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi. Ta’lim sohasida xususiy sektorning ishtiroki ortib borayotgani, bu borada viloyatda ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Bu esa ta’lim sifatini yanada oshirish, yoshlarning zamonaviy bilim egallashlari uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash kerak, “Eco line qurilish” MCHJ tomonidan 50,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 3 ta 8 va 9 qavatli 180 xonadondan iborat turar joy barpo etildi. “Eco line-education” MCHJ tomonidan esa “Academia kids” nomli 280 bolajonni qamrab oluvchi xususiy bog‘cha va 500 o‘rinli “Academia international school” nomli xususiy maktab qurildi. Mazkur bilim maskanlari uchun 35 milliarddan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
Marosimda ramziy tasmalar qirqilib, ishtirokchilar yangi inshootlarda aholi va yosh avlodga yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA