Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi majmua ishga tushirildi
12:29 / 2025-02-04

Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli “Dovg‘iztov” konida konchilik texnikalari orqali tog‘ jinslarini tashish masofasini qisqartirish, yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiluvchi davriy oqim texnologiyasi majmuasi ishga tushirildi.

Ushbu konveyerning uzunligi 1900 metr, eni esa 2 metrni tashkil etadi. Shimoliy kon boshqarmasida birinchi bor qurilgan majmuani barpo etishda 5 ming tonna og‘irlikdagi metallkonstruksiyalardan foydalanildi.  

– 2024 yilda konda 38,1 million kub metr tog‘ jinslari qazib olinib, yillik reja 115,5 foizga bajarildi, – deydi “Dovg‘iztov” koni boshlig‘i Abbos Yoqubov. – Joriy yilda 41,1 million kub metr tog‘ jinslarini qazib olish rejalashtirilgan. Konning ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich oshirilishi natijasida keyingi yillarda tog‘ jinslarini qazib olish hajmi 2,5 barobarga ortdi. Bugun ishga tushirilgan konveyer liniyasi konda tog‘ jinslarini tashishni yanada oshirish imkonini beradi.  

Davriy oqim texnologiyasi majmuasini qurish ishlari Navoiy mashinasozlik zavodi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, Shimoliy kon boshqarmasining kon jihozlarini ta’mirlash hamda ta’mirlash-mexanika sexlari tomonidan amalga oshirildi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri