Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi loyihalar yangi ish o‘rni va muayyan daromad manbai kafolatidir
18:31 / 2021-12-15

Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hamda hududlardagi kichik sanoat zonalarida zamonaviy va yuksak texnologiyali ishlab chiqarish tarmoqlarini o‘zlashtirish maqsadida ko‘plab investitsiyaviy loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal yo‘nalishlarida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarga esa ichki va tashqi bozorda talab katta.

To‘rt yil ilgari tashkil etilgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi 3 ta hududdan iborat bo‘lib, 709,3 gektar yer maydonida joylashgan. Uchko‘prik tumanining toshloq joylari bo‘lgan bu joyda bugun hayot tarzi butunlay o‘zgargan. Eng avvalo, zarur infratuzilmani yaratish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Qisqa fursatda ishlab chiqarish korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan yo‘l va yo‘laklar, suv, tabiiy gaz, elektr tormoqlari tortildi. 

Jumladan, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonaning “V” nimzonasida qiymati 30 milliard so‘mlik 2 dona 25000 kVtli podstansiya o‘rnatildi va podstansiyadan ishlab chiqarish xududiga qadar 15 kilometr elektr tarmog‘i tortildi. “A” nimzonasida 3,6 kilometr 6 kVli elektr tarmog‘i, 1 komplekt 6 kV tarqatish punkti qurildi. Shuningdek, 6,7 kilometr tabiiy gaz, 17,9 kilometr ichimlik suv, 10,3 kilometr oqava suv tarmog‘i tortilib, “A” nimzonada 6,8 kilometr va “V” nimzonada 11,9 kilometr asfalt koplamalari yotqizildi.

– Mazkur hududga umumiy qiymati 308,2 million AQSH dollari bo‘lgan 96 ta investitsiya loyihalari joylashtirilgan, – deydi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zona direktori Farruhjon Rahmonov. 

– Joriy yilning o‘tgan davrida foydalanishga topshirilgan 51 ta sanoat korxonalari tomonidan umumiy qiymati 1 trillion 364 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 43,8 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot turlari Rossiya, Ukraina, Belorus, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilindi. 

Yangi loyihalarni ishga tushirish orqali 4 ming 757 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Umumiy qiymati 176,6 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya jalb etildi. Ushbu mablag‘larning 65,8 million AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, erkin iqtisodiy zonasi joylashgan hududga chegaradosh tumanlardagi yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularni kasb-hunarga tayyorlash markazi ish olib bormoqda. Shu kunga qadar korxona va tashkilotlardan kelib tushgan talab va takliflar bo‘yicha 500 nafardan ortiq yoshlar kasb-hunarga yo‘naltirildi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi tarkibidagi “Quantity class” ochiq aksionerlik jamiyatida amalga oshirilgan yangi investitsiya loyihasi asosida bir yilda 370 tonna bug‘doy qayta ishlanadi. Mahsulot ichki bozordan tashqari, Afg‘oniston va qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda. 

Hozirga qadar 3 million AQSH dollari miqdordagi mahsulot turlari eskportga yo‘naltirildi. Istiqbolli loyihalar dasuriga ko‘ra, makaron va omixta yem ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish borasida ish olib borilmoqda. Bu korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotni to‘liq qayta ishlash, ellikdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

“Admiral group” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bugungi kun talab va ehtiyojdan kelib chiqib un va un mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirmoqda. Bu yerda 65,1 milliard so‘mlik ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yana 200 ta ish o‘rni yaratish va yilliga 322 ming tonna qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi, yillik eksport hajmi 20 million AQSH dollarga yetadi.

Bolalar tagliklari va shaxsiy gigiyena vositasi va nam salfetkalar ishlab chiqarishga ixtsoslashgan “Pipito” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxona yangi quvvatlarni ishga tushirish, ishlab chiqarish va hajmini oshirish, eksport miqdorini kengaytirish borasida ish olib bormoqda. Shu kunga qadar faqat import yo‘li bilan olib kelingan mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab katta.

– Shu maqsadda erkin iqtisodiy zona hududidan yana 3 gektar yer maydoni ajratib berildi, – deydi koroxona rahbari Maqsudjon Mansurov. – Bu yerda umumiy  qiymati 5 million AQSH dollariga teng investitsiya jalb etib, 2 ta ishlab chiqarish liniyasi olib kelindi. Yangi korxonada yiliga 70 million dona bolalar tagliklari va shaxsiy gigiyena vositalari ishlab chiqariladi va yana 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Albatta, bular o‘z o‘zidan amalga oshayotgani yo‘q. Sanoat zonasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan korxonalar foyda solig‘idan ozod qilingan. Bu juda katta imkoniyat. Shu bois yangi loyihalarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, turlarini ko‘paytirishga e’tibor beryapmiz.

Darhaqiqat, korxonada 45 million dona mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatga ega bo‘lgan tarmoq faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning shu kuniga qadar 2 million dollardan ortiq mahsulotlar Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iston respublikalariga eksport qilindi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy sanoat zonasida tashkil etilgan istiqbolli loyihalardan yana biri “Kokand Bicycles” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ladi. Umumiy maydoni 1 gektar bo‘lgan korxonada o‘n turdan ortiq velosiped, elektr skuter va velosipedlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mahsulotlar ichki va tashqi bozorda haridorgir. Shu kunga qadar korxona ishlab chiqarish sehlaridagi 3 million dollardan ortiq mahsulot turlari eksportga yo‘naltirildi.

– Hozirda ikkinchi loyiha velosipedlar uchun kamer-pakrishka ishlab chiqarish borasida ish olib boryapmiz, – deydi jamiyat rahbari Muhsinjon Abdurahmonov. 

– Bu maqsadlar uchun 6 million 300 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya jalb etilmoqda. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi arzonlashadi, ishlab chiqarish hajmi ikki hissaga oshadi, yuzdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Korxonada kasanachilik asosida aholini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda korxona hududida tutash mahallada yashayotgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilganlar kasanachilik asosida ishga jalb etilmoqda.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida bu kabi dadil rivojlanayotgan korxonalar ko‘p. Tadbirkorlar doimo istiqbolli loyihalar ustida izlanishda. Bu esa o‘z samarasini bermoqda. Shu ma’noda, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar yurtimiz iqtisodiy salohiyatini, aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA