French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi loyihalar va mavjud muammolar
11:02 / 2025-05-19

“Jizzax suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi.

Matbuot anjumani ishtirokchilariga dastlab 2025 yilda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, aholini ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash bo‘yicha rejalar, jamiyatning hududiy elektr tarmoqlaridan qarzdorligi hamda tadbirkorlar va aholi tomonidan to‘lanmagan debitor qarzdorliklari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

– Aynan ana shu moliyaviy muammolar – debitor qarzdorlikning yuqori darajasi va elektr ta’minoti uchun hisob-kitoblardagi uzilishlar, ta’mirlash va modernizatsiya ishlarini izchil amalga oshirishda ishimizda jiddiy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda, – deydi “Jizzax suv ta’minot“ AJ bosh muhandisi Farhod Kubayev. – Bu esa ayrim hollarda xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmasligiga, natijada mehnat unumdorligining pasayishiga olib kelmoqda.  

– Anjumanimizda ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoqlar faollari ishtirok etayotganidan foydalanib, aholi va tadbirkorlarga toza ichimlik suvi isrofiga yo‘l qo‘ymasliklari va xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishlari lozimligi haqida ko‘proq maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlar berib borishlarini so‘rab qolardik, – dedi “Jizzax suv ta’minot“ AJ raisining o‘rinbosari Javohir Qoplonov. – Chunki xalqimizga matbuot vakillarining bosma, elektron nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar, teleko‘rsatuv, radio eshittirishlari orqali suvni tejash, xizmat haqini to‘lash to‘g‘risidagi murojaat va chorlovlari tezroq va jiddiyroq ta’sir qiladi.

Matbuot anjumanidagi ochiq muloqotdan so‘ng O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “Isuzi” rusumli maxsus avtotransport vositalarining taqdimoti o‘tkazildi.  

– Chilangarlar brigadasi uchun maxsus ishlab chiqarilgan ushbu transport vositalarining o‘ziga xos tomoni, har qanday sharoit, har qanday joyda tarmoqdagi turli avariya holatlarini bartaraf etish imkoniyati mavjud, – deydi “Jizzax suv ta’minot“ AJ Axborot xizmati rahbari Dilshod Muhiddinov. – Brigadaga biriktirilgan 6 nafar chilangar, 1 nafar haydovchi va 1 nafar tarmoq ustasining belgilangan manzilga zudlik bilan va xavfsiz yetib borishi to‘la ko‘zda tutilgan.  

Bundan tashqari, ushbu avtotransport vositalarining o‘zida brigada a’zolari chilangarlik ishlarini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan 380 voltgacha elektr energiyasini yetkazib bera oladigan, benzin yoqilg‘isi bilan ishlaydigan “dvijok”, hajmi 110 santimetrdan 315 santimetrgacha bo‘lgan politilin quvurlarni bir- biriga ulashda foydalaniladigan maxsus “utyug”, suv tarmog‘i quduqlariga yoki avariya yuz bergan joyda to‘planib qolgan suvni tortib olish uchun maxsus “motopompa”, payvandlash ishlarini amalga oshirish uchun eng so‘nggi rusumdagi ixcham va zamonaviy payvandlash uskunasi, har qanday qorong‘ulikda elektr energiyasiz yoritish quvvatiga ega bo‘lgan maxsus “projektor” va suv tarmog‘idagi favqulodda holatlarni bartaraf etish uchun boshqa barcha zarur jihozlar mavjud.

Maxsus avtotransport vositalarini chilangarlar brigadalariga topshirish marosimidan so‘ng tadbir ishtirokchilari uchun tashkil etilgan press-tur Jizzax shahri Sayxon mahallasidagi “Jizzax suv taqsimlash inshooti” hamda shaharning 10 dan ortiq mahallasini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi markaziy “O‘zbekiston” suv saqlash va uzatish inshootidan boshlandi.

– Mazkur inshoot 1980 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 1 sutka davomida 18 ming metr kub suv uzatish quvvatiga ega va ta’minot manbasi sifatida yer osti suvlaridan foydalaniladi, – deydi Farhod Kubayev. – 2006-2009 yillarda “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilinganiga qaramay, ayrim nasos jihozlari va infratuzilma elementlari  eskirgan, ularni yangilash talab etiladi. Bu jarayonni jadallashtirish ham faqat moliyaviy barqarorlikka bog‘liq. Sohada duch kelinayotgan iqtisodiy muammolar bartaraf etilsa, Jizzax viloyati aholisini 2026 yil yakunigacha toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish  85 foizga yetkaziladi.  

Ushbu tadbir davomida “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan, qiymati 17 million AQSH dollariga teng loyiha ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax shahrida 40 kilometr magistral va 20,9 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, shuningdek 14,1 kilometr oqova suv tarmoqlarining rekonstruksiya qilinayotganiga guvoh bo‘ldik. Mazkur loyiha kelgusi 2026 yil yakunida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganini ham shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz. Hozirga qadar ushbu loyihaning 16,1 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i qurilib, foydalanishga topshirilibdi.

Press-tur davomida ishtirokchilarning sohadagi mavjud muammolar, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, kelgusida rejalashtirilgan loyihalar haqidagi savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari