Bugungi kunda mamlakatimizda sanoat va ishlab chiqarishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash natijasida hududlarda ulkan o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Jumladan, yil yakunlariga ko‘ra, Buxoro viloyatning barcha asosiy ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha barqaror va sezilarli o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Viloyatda yakunlangan yilda birgina sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 48,2 trillion so‘mni tashkil qildi va o‘sish sur’ati 107,5 foizga yetishi ta’minlandi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlarni ishlab chiqarish ko‘rsatkichi esa 23 million so‘mdan oshdi. Sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, viloyatda drayver tarmoqlardan biri bo‘lgan yengil sanoat ulushi hozirda 22 foizga yaqinlashdi. Bunda Buxoro shahrida o‘tgan yili amalga oshirilgan umumiy qiymati 9,5 million AQSH dollarlik, yillik quvvati 5 ming tonna “Kashmir va jundan iplar ishlab chiqarish” loyihasi ham muhim ahamiyat kasb etdi.
– Korxonada 2025 yilda 9,5 million AQSH dollarlik loyiha qiymati ishga tushirilib, yangi 450 ta ish o‘rni yaratildi. Asosiy faoliyatimiz ip-kalava ishlab chiqarishdan iborat. 2025 yilning to‘rtinchi choragida yana bir loyihaga qo‘l urdik. Loyiha qiymati 800 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib bunda o‘z mablag‘larimizdan foydalandik. Bu sexda paxta, sun’iy tola, kashmir, kanop mahsulotlarini aralashtirib, o‘zimizni ishlab chiqarishimizga xomashyo tayyorlab shu yerni o‘zida ip-kalava tayyorlashni tashkil qildik. 2026 yilda yana 500 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi. To‘quv ishlarini amalga oshirish uchun to‘qimachilik fabrikasi ham ishga tushirilib, yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilganmiz. Kogon tumanidan 250 gektar yer ajratilib, birinchi bosqichda 100 gektar paxta ekildi. Qolgan yerlarimiz suv tejash maqsadida lazer texnologiyalarni amalga oshirilib, yerlarda tekislanish ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi korxona rahbari Elyor Quvvatov.
Aytish lozim, bugungi kunda to‘qimachilik sohasida sifat eng muhim omillardan biri sanaladi. Shunga muvofiq, xorijning yetakchi mutaxassislarini jalb qilgan korxona hududda birinchi bo‘lib kashmir va jundan ip-kalava ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Hozirda bu yo‘nalishda yetakchilar qatorida turgan Turkiya va hindistonlik texnologlar mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyiha istiqboliga yuqori baho bermoqda.
[gallery-27227]
– Hindistondan kelib, ushbu korxonada texnolog vazifasida faoliyat yurityapman, – deydi korxona texnologi Rejesh Sinx. – Bu loyihani ishga tushirish bo‘yicha menga ikki yil oldin taklif bilan chiqishgan edi. Oldinlari Hindiston va Indoneziyadagi ko‘plab yirik kompaniyalarda ishlaganman. Ushbu sohada 30 yillik tajribaga egaman. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida ulkan imkoniyatlar mamlakati. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu soha yurtingizda jadal suratlarda rivojlanmoqda. Bu yerda 100 foiz paxtadan maxsus mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni bor. Hozirda, yanada sifatli mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun katta yangiliklarga qo‘l urdik. Ayni damda Germaniya texnologiyalari asosida paxtani polester viskoza modal zig‘ir bilan aralashtirish orqali 40 turgacha yangi mahsulot olish imkoniyati mavjud. Bu hozirda ko‘plab xorijlik hamkorlarimizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shunga asoslanib aytadigan bo‘lsak, tez orada yangi brend asosida o‘zimizning tayyor mahsulotlar bilan ham kirib dunyo bozoriga kirib borish imkoniga egamiz.
Kogon tumanida amalga oshirilgan yana bir yirik loyiha. Sanoat qog‘ozi ishlab chiqarish korxonasiga xitoylik sarmoyadorlar tomonidan 20 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etildi. Qurilish mahsulotlari uchun zarur mahsulot shu vaqtga qadar asosan chetdan olib kirilar edi. Endilikda shu joyning o‘zida sanoat xomashyosi ishlab chiqarilib, eksportga yo‘naltirilmoqda.
– Xitoyning Jiangsu provinsiyasi Xuzhou shahridan kelib, O‘zbekistonda hozirga qadar kiritgan sarmoya qariyb 17 million AQSH dollaridan oshdi, – deydi xitoylik korxona rahbari Xi Vey. – Bu joyda asosan qog‘oz ishlab chiqarish loyihasiga sarmoya kiritilgan. Xitoyda elektr stansiya, karton sexi va oziq-ovqat fabrikasidan iborat katta kompaniya faoliyat yuritadi. Kelgusida ushbu korxonalarning ham filiallarini ochish rejalarini ishlab chiqyapmiz. Ushbu loyihalar hisobiga jami sarmoya taxminan 70-80 million AQSH dollariga yetkaziladi. Biz hozirda korxonaga o‘rnatilgan yangi dastgoh kuniga 150-200 tonna mahsulot ishlab chiqarishi mumkin. Birinchi bosqichda Xitoydan o‘nga yaqin texnik mutaxassislar qatori 100 dan ortiq mahalliy aholi ham ishga qabul qilinadi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan asosiy mahsulotlar o‘rash, qadoqlash qog‘ozi bo‘lib, gipsokarton zavodlari uchun gips qoplamalarida keng qo‘llaniladi. Biz joylashgan hududda bu turdagi 4 ta yirik korxona mavjud va ular katta hajmdagi mahsulotlarimizni xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolashmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi bilan eksport bo‘yicha kelishuvlarga erishdik.
– O‘zbekistonga bu qadar ishonch bilan sarmoya kiritishga sabab, albatta, investorlarga yaratilgan sharoitlar va erkin iqtisodiy zonada berilayotgan qator yengilliklardir, – deydi xitoylik korxona rahbari Xi Vey. – Davlatingiz rahbari investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayapti. Shunga asosan, biz ishonch bilan yangi korxonalarni tashkil qilishga intilyapmiz. Birgina soliq imtiyozlarini oladigan bo‘lsak, yurtingizga kelgan investor 10 yil ichida bu imkoniyatlardan foydalanib barqaror ishlash tizimini yo‘lga qo‘yadi. Bu kelgusida har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan tashabbus deb hisoblayman. Loyihamizning asosiy yana bir jihati, bu joyda asosan ekologik toza mahsulot ishlab chiqaramiz va yashil kelajak dasturiga tayanib ish tutamiz. Korxonamiz birinchi bosqichi mart oyidan boshlab to‘la quvvat bilan ishlashni boshlaydi va mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi.
Hududlarda investitsiya jozibadorligini oshirish borasidagi muhim dasturlar natijasida hatto mintaqada analogi bo‘lmagan korxonalar bugun samarali faoliyat yuritmoqda. Shulardan biri Buxoro tumanida amalga oshirilgan “Piroliz gazolini va piroliz distillyatini” qayta ishlash orqali aromatik uglevodorodlar ishlab chiqarish” loyihasidir.
Hozirda Buxoro sanoatida mahsulotlar hajmining o‘sishida kimyo va neft kimyosi ulushi 41,2 foizni tashkil qiladi. Aynan mazkur korxona to‘la quvvat bilan ishga tushganidan so‘ng bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshiriladi. Muhimi, korxonada to‘liq import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Sahro bag‘ridagi, ko‘rinishidan mo‘’jaz ammo gigant loyiha mamlakat neft va gaz sanoati rivojida ham muhim bosqichni boshlab beradi.
Viloyatning har bir shahar va tumanlarida 20 gektardan jami 263,4 gektar yer maydonlarida yangi sanoat zonalari tashkil etildi. Bu ham hududlar rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Muhimi, ushbu sanoat zonalarida loyihalarni joylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Loyihalar amalga oshirilishi natijasida yana qo‘shimcha 10 ming nafardan ortiq aholi bandligi ta’minlanadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.