Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi loyihalar: ishlab chiqarish ortadi va ish o‘rinlari yaratiladi
14:01 / 2022-02-22

Prezidentimiz raisligida joriy yil 16 fevral kuni chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida resurs tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum yetishtirishni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash borasida zarur vazifalar belgilandi.

Xususan, joylarda kooperatsiya orqali chorvani ko‘paytirish, chorva komplekslarini kengaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlash, chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan edi.

Toshkent viloyatida ham chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarda samarali ishlar amalga oshirilyapti. Hozir hududda jami 1 ming 673 ta chorvachilik, shundan 678 ta qoramolchilik, 272 ta qo‘y va echkichilik, 97 ta parrandachilik, 26 ta yilqichilik, 580 ta baliqchilik, 65 ta asalarichilik, 10 ta quyonchilik va 5 ta cho‘chqachilik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hududdagi 121 ta xo‘jalikda ozuqa yetishtirish uchun jami 6 ming 90 gektar ekin maydoni ajratish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishi lozim. O‘tgan yil tumanlarda chorvachilik sub’ektlari tomonidan 15 ta tik quduqlarni qazish hisobiga jami 2 ming 234 gektar yer maydonlari foydalanishga kiritilib, bu maydonlarda ozuqa ekinlari ekilmoqda. Bundan tashqari, suv tanqisligini inobatga olib, chorva ozuqasi maydonlarida zamonaviy suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari keng joriy etilyapti.

Xususan, Ohangaron tumanidagi "Abdurahim ota" fermer xo‘jaligi tomonidan 250 gektar yer maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Ozuqa yetishtirishda intensiv texnologiyalarni qo‘llash, jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi asosida O‘rta Chirchiq, Qibray, Parkent, Chinoz, Ohangaron, Bekobod, Bo‘ka, va Piskent tumanlaridagi jami 2 ming 962 gektar foydalanishdan chiqqan yerlar va yaylovlarni o‘zlashtirishni tashkil qiladigan 18 ta tashabbuskor chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan ishlar olib borilmoqda.

bugungi kunda chorvachilik sub’ektlari tomonidan mavjud maydonlardan samarali foydalanish maqsadida ozuqa ekinlar yetarli darajada ekilmasdan qolmoqda. Bunga asosiy sabablardan biri chorva ozuqasi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilmagan. Shu tufayli ozuqa urug‘larini chet davlatlardan import qilinmoqda.

Shuningdek, qo‘ychilik-echkichilik yo‘nalishlarida jami 256 ta sub’ekt faoliyat ko‘rsatib, ushbu xo‘jaliklardagi 212 ming bosh mayda shoxli molga jami 50,5 ming gektar maydon ajratib berilgan.

Joriy yilda qiymati 3 million 219 ming dollarlik viloyatga 12 ming 370 boshga mo‘ljallangan 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilib, yil yakuniga qadar 237 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Baliqchilik yo‘nalishida viloyatda jami jami 580 ta baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, shundan 570 tasi 8 ming 223 gektar sun’iy suv havzalarida, 10 tasi 3 ming 637 gektar maydondagi tabiiy suv havzalarida faoliyat yurityapti. Ushbu xo‘jaliklar tomonidan hosildorligi 25 sentnerdan past bo‘lgan 3 ming 315 gektar sun’iy suv havzalariga 8 ming 290 ta aerator (suvni havo bilan aralashtirib, to‘yintirib beruvchi uskuna)lari o‘rnatiladi.

Qolaversa, Quyi Chirchiq va Chinoz tumanlarida bittadan klaster kooperatsiyalari tashkil etilib, baliqchilik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan 1 ming 300 ta aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2017-2018 yillarda chorvachilik yo‘nalishida samarali va kam xarajatli ozuqa yetishtirish bo‘yicha gidroponika texnologiyasi bo‘lmagan. Biroq 2021 yilning o‘zida bu tajriba 27 ta chorvachilik sub’ektlarida tashkil etilgan. 2022 yil esa yana 30 ta chorvachilik sub’ektida amaliyotda tatbiq qilinadi. 2026 yilda gidroponika usulida ozuqa yetishtirish 240 ta yirik xo‘jalikda tashkil etilishi maqsad qilingan.

Shuningdek, aholi xonadonlarida ham chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida, joriy yilda jami 1 million 170 ming bosh, shundan 1 million 85 ming bosh parranda, 33,3 ming bosh naslli quyon, 16 ming quti asalari oilalari hamda 35 ming bosh qo‘y va echkilar yetkazib beriladi.

Bunda aholi xonadonlariga yetkazib beradigan ta’minotchi korxonalar ro‘yxati shakllantirilib, shundan 11 ta parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan aholiga xonaki parranda yetkazib berish bo‘yicha naslchilik maqomini berish bo‘yicha tegishli choralar amalga oshirilmoqda.

Umuman olganda, 2022-2026 yillar chorvachilik tarmoqlarida amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar ko‘p. 2026 yilga borib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida chorvachilik mahsulotlarining ulushi 53 dan 65 foizga yetkaziladi. Birgina Ohangaron tumanida ozuqa ekin yer maydonlari lalmi va yaylov yer maydonlarini o‘zlashtirish hisobiga 8 ming 348 gektardan 11 ming 758 gektarga yetkaziladi. Natijada mavjud chorva mol bosh soniga qo‘shimcha ravishda yana 8,2 ming bosh naslli qoramol parvarishlash imkoniyati yaratilib, 40 ming 920 tonna ozuqa birligi jamg‘ariladi. Yangidan 325 ta ish o‘rni yaratilib, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 40 foizga ortadi.

Qolaversa, Parkent va Bo‘stonliq tumanlari qo‘y va echkichilikka ixtisoslashtirilib, g‘alla yer maydonlarining 20 foizga qisqarishi, o‘rmon xo‘jaligiga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, lalmi va yaylov yer maydonlarini o‘zlashtirilishi hisobidan 5 ming 301 gektar ozuqa ekin yer maydonlari va 16 ming 639 gektar yaylov yer maydonlari tashkil etiladi. Buning natijasida 30 ming boshdan ortiq naslli qo‘y va echkilar parvarishi yo‘lga qo‘yilib, 1,5 ming nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bu tumanlarda 2021 yilda chet davlatlardan keltirilgan jun-go‘sht yo‘nalishidagi «Angor» zotli echkilar hamda «Merinos» zotli qo‘ylarni ko‘paytirish natijasida 2026 yilga borib ushbu zotlar 100 ming boshga yetkaziladi. Bu amaliyot Toshkent viloyatining barcha hududlarida joriy etiladi.

A.Musayev,O‘zA