Navoiy shahridagi “Kamilla” mehmonxonasi konferensiyalar zalida shahar hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida matbuot anjumani tashkil qilindi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan anjuman avvalida Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev bugungi kunda shaharda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda barcha yo‘nalishlarda bajarilayotgan ishlar yuzasidan to‘xtalib o‘tdi.
– Yaqinda Xitoy safarida bo‘lib qaytdik, – dedi shahar hokimi. – Safarimiz doirasida shahrimizda investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sanoat salohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdik. Olib borilgan muzokaralar natijasida 100 million dollarlik shartnoma tuzilib, qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, zamonaviy biznes-markaz, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlarini tashkil etish hamda Navoiy shahrida tashkil etiladigan yangi shaharcha va istirohat bog‘ini raqamlashtirish orqali “smart-siti” tizimini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldik. Yaqin kunlarda xitoylik tadbirkorlarning shahrimizga tashrifi kutilmoqda.
[gallery-18011]
Matbuot anjumanida shaharni yanada obodonlashtirish, chiqindilarni olib ketishda yangi mexanizmlardan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, hozirda shaharning Mahmud Tarobiy ko‘chasida “Stimul Navoiy” MCHJ tomonidan zamonaviy chiqindi to‘plash shoxobchasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Kelgusida ushbu tashkilot tomonidan shahar hududida ana shunday 35 ta shoxobcha qurilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv davomida jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
Tadbir so‘nggida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh jurnalist va blogerlar hokimlik tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari