French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi loyihalar aholi farovonligiga xizmat qiladi
10:57 / 2022-01-29

Farg‘ona viloyatida har bir hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilib, yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov shahar va tumanlarda bo‘lib, ularning ijrosini o‘rganmoqda.

Furqat tumanida aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish, yangi korxonalar tashkil etish, xalqning turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha sektor rahbarlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 
Viloyat hokimi mazkur tumandagi o‘rganishlar chog‘ida “G‘uncha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Bulut textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan umumiy qiymati 20 million dollarlik aralash iplar ishlab chiqarish investitsiya loyihasining borishi bilan tanishdi. 600 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan korxonada qurilish ishlarining borish sur’ati bo‘yicha viloyat hokimi loyiha tashabbuskorlariga o‘z e’tirozlarini bildirdi. Klaster korxonalari, o‘zlariga berilayotgan imtiyozlar hamda sharoitlarni qadrlab, yangi ishlab chiqarish liniyalarini tez yo‘lga qo‘yishlari, aholini ish bilan ta’minlash borasida o‘zlari olgan majburiyatlarni bajarishlari lozimligiga e’tibor qaratildi.
2021 yilda “Yaxshi niyat” massivida 1 ta 4 qavatli 24 xonadonli va 4 ta 5 qavatli 120 xonadonli jami 144 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurib bitkazildi. Bundan tashqari, 2022 yilda ushbu massivda yana 5 ta 5 qavatli 150 xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda uy-joylarni qurish uchun kotlovan qazish ishlari olib borilmoqda.

Viloyat hokimi bilan muloqot chog‘ida yangi uy egalari davlatimiz rahbarining aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga hamda turmush farovonligini oshirishga qaratilgan siyosatidan minnatdor ekanligini bildirdi. Mazkur tumanda ham “Yangi O‘zbekiston” massivlari turkumida zamonaviy turar-joy majmuasi barpo etish uchun yer maydonini belgilash yuzasidan topshiriq berildi.
Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2021 yilda turkiyalik investor tomonidan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek hududda joylashgan "National Dairy Industry" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonaning sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi hisobiga aholi bandligi borasida muammolar o‘z yechimini topgan.
Viloyat rahbariga “Istiqlol” MFY hududida sobiq ip-yigiruv fabrikasi negizida “Furqat in tex” qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 22 million dollar bo‘lgan “ip-kalava va mato ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi taqdim etildi. Loyihani amalga oshirish uchun 7,5 million dollar bank krediti ajratishga ko‘maklashish bo‘yicha viloyat hokimiga qilingan murojaat ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Korxonaning to‘liq quvvati 17 ming tonna paxtani qayta ishlashga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda korxonada 520 ta ishchi faoliyat yuritmoqda.

Viloyat  rahbari “Qo‘qonboy” MFY hududida “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan, umumiy qiymati 7 milliard so‘mlik “Milliy hunarmandchilik yo‘nalishida yog‘och o‘ymakorligi” investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirib, bahorning ilk kunlarida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan ushbu markazda ustaning 1000 dan ziyod shogirdlari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Yillik 6 milliard so‘mlikdan ziyod qo‘l mehnatiga asoslangan mahsulot ishlab chiqariladi. 
Usta o‘ymakor Muhammadali Yunusov Samarqand shahridagi Doniyor payg‘ambar maqbarasida 60 nafar ustazoda shogirdlari bilan 8 qirralik, 8 ustunlik milliy arkli ayvon, Toshkent shahridagi Hazrati Imom masjidi majmuasi ayvon ustunlari, poytaxtimizning Yunusobod dahasida Qatag‘on qilinganlar xotirasiga qurilgan muzeyning ustunlarini ham o‘ymakor naqshlar bilan bezagan. Poytaxtimizdagi milliy bog‘da “Xalq amaliy san’ati” galereyasining aylana ayvon qismi, Samarqandning Hazrati Imom Ismoil Al-Buxoriy majmuasi ayvonlari qurilishi  va yurtimizning ko‘plab tuman-shaharlaridagi yog‘och o‘ymakorligi ishlari aynan Muhammadali Yunusovga tegishlidir.

M. Sulaymonov, O‘zA