Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi loyiha tadbirkorlarni katta marralar yo‘lida bir nuqtada birlashtirmoqda
20:21 / 2025-10-23

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va soha vakillarini birlashtirish maqsadida yangi tashabbus — “Business Port” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.

Loyiha ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarni bir platformada jamlab, tajriba almashish, muloqot va hamkorlik muhitini yaratish, mavjud muammolarga amaliy yechim topishga qaratilgan.

Loyihaning ilk tadbiri joriy yil 21 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning 250 dan ziyod korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

“Business Port” doirasida tadbirkorlarga huquqiy, moliyaviy, soliq, bank, intellektual mulk, marketing va PR, xalqaro munosabatlar, kadrlar siyosati hamda raqamlashtirish sohalarida amaliy maslahatlar berish, shu yo‘nalishlarda malakali kadrlar bazasini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

[gallery-25890]

— Bu loyiha kichik, o‘rta va yirik biznes vakillarini, ularning aylanmasi, faoliyat ko‘lami yoki yo‘nalishidan qat’i nazar, yaqinlashtiradigan, ularga bir-biridan o‘rganish, ilhomlanish va birgalikda o‘sish imkoniyatini beruvchi ochiq hamjamiyatdir, — dedi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov. — Tadbirda ishtirok etgan 250 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 267 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan, 1,7 milliard dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilingan. Ularning umumiy tovar aylanmasi ham shunga yarasha juda yuqori.

Keyingi sakkiz yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ko‘plab tarmoqlar qayta tiklandi. Bu davrda mamlakatimiz iqtisodiyotiga juda katta miqdorda investitsiya kiritildi. Uning ko‘p qismi xorijiy sarmoya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘plab mikro va kichik korxonalar qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishib, o‘rta va yirik biznes qatlamiga qo‘shildi. Masalan, 1 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshib, o‘rta biznesga aylandi. 143 ta korxona 100 milliard so‘mdan ortiq aylanmaga yetib, yirik biznesga ko‘tarildi.

“Business Port” loyihasi tadbirkorlarning fikr va g‘oyalarini birlashtirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash yo‘lida yangi qadam bo‘lib xizmat qiladi. 

Behruz Xudoyberdiyev, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari