Bugun Suv xo‘jaligi vazirligida Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Xirata Kenji hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov tomonlar o‘rtasida hamkorlik sohani yanada rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish, qator loyihalarni tatbiq etish bo‘yicha ishlar amaliy natijalar berayotganini ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz suv xo‘jaligi sohasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar, ularning samarasi haqida ham ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng tomonlar “Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish” loyihasi bilan bog‘liq masalalar muhokama qildi. Unga ko‘ra, mazkur tashabbus 2026-2029-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, loyiha Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. Uning qiymati 4,6 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyiha Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak va Bo‘zatov tumanlarini qamrab oladi. Orolbo‘yi hududida suv resurslarini boshqarish tizimlarini transformatsiya qilish, infratuzilmalarni rivojlantirish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, yangi loyiha Orolbo‘yi hududida fermerlar, dehqonlar, aholi hayotini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Ushbu loyiha suvni shaffof va raqamli boshqarishga qaratiladi.
Mehmonlar loyihaning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikdan mamnunligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida esa Suv xo‘jaligi vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida “Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish” loyihasi bo‘yicha hujjat imzolandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA