Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi loyiha o‘qituvchining til bilish darajasini aniqlaydi
10:13 / 2021-04-01

Buxoro viloyati xalq ta’limi tizimida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha ingliz tili fani o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish, chet tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglar safani yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Loyiha asosida dastlab ingliz tili fani o‘qituvchilarining chet tilini bilish va egallash darajasi aniqlanadi. Bunda ularning tinglab tushunish, o‘qish, leksik, grammatik kompetensiyalari va gapirish ko‘nikmalari test sinovidan o‘tkaziladi.

–Avvalo o‘qituvchining bo‘shliqlari, ehtiyojlarini aniqlash muhim, – deydi loyiha doirasida belgilangan tadbirlarni samarali amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan ishchi guruh rahbari Nozima Xoliqova. 

– Shu bois ham ishni shundan boshlashga qaror qildik. Ayni paytda viloyat umumta’lim maktablarida 2 ming 352 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari faoliyat yuritmoqda. Loyihada ularning 2 ming 232 nafari qatnashish istagini bildirdi.  

Ishtirokchilarning yozma ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida A2, B1, B2 va C1 til bilish darajalarini baholash testi o‘tkazildi. Gapirish ko‘nikmalarini baholash sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Sinov natijalari asosida hududiy malaka oshirish markazi va umumta’lim maktablaridagi ilg‘or, mahoratli ingliz tili fani o‘qituvchilari tajribasidan foydalanildi. Ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun mahorat darslari tashkil etildi. Loyiha dasturiga viloyatdagi barcha tumanlarning o‘zida yuqori darajadagi sertifikatga ega mutaxassislarni yo‘naltirgan holda 6 oylik til ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.  

Ayni paytda viloyatdagi ingliz tili fani o‘qituvchilarining 11 foizi til bilish darajasini belgilovchi sertifikatlarga ega. Loyiha yakuniga qadar bu qamrovni 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

 

Zarif Komilov, O‘zA