Mirzaobod tumanida aholi salomatligi va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
“Do‘stlik–3” kanali bo‘yidagi 29,5 gektardan ziyod maydonda barpo etiladigan yashil hududlar nafaqat dam olish va sport uchun qulay muhit yaratadi, balki chang va shamol ta’sirini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Sirdaryo viloyatiga ishchi tashrifi bilan kelgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abror Xidirov hamrohligida bu hududda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Hududda yer resurslaridan samarali foydalanish maqsadida yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, beda ekinlari, ikki qatorli gujum daraxtlari oralig‘ida achchiq olcha ko‘chatlari ekish va aholi uchun qulay salomatlik yo‘laklari barpo etish rejalashtirilgan. Bu ham dam olish va sport maydonlari sifatida xizmat qiladi, ham ekologiyani saqlashga hissa qo‘shadi.


Vazir Ibrohim Abdurahmonov tuman hokimi Abdurahim Umarov va mas’ullarga loyihani kompleks tarzda amalga oshirish, sug‘orish texnologiyalarini to‘liq ishga tushirish va ko‘chatlarni hudud iqlimiga mos ravishda joylashtirish bo‘yicha amaliy takliflar berdi. Shu bilan birga mahalliy aholi va yoshlarning faol qatnashini ta’minlash va ularning mas’uliyatini oshirish muhimligini ta’kidladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri