Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi loyiha amalga oshirilmoqda
17:54 / 2025-07-04

Navoiy viloyatida oziq-ovqat xavfsizligi, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Jumladan, “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi tomonidan “Karmana tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida buta mevasi (golubika) yetishtirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 800 ming AQSH dollarini tashkil etib, korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. 4 gektar maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha doirasida 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

– O‘zbekistonda eng kamyob va foydali buta mevasi yetishtirishni rivojlantirish maqsadida tashkillashtirilgan bog‘da golubikaning “Duke” navi yetishtiriladi, – deydi kompaniyaning turkiyalik agronomi Choruk Burak. – Ushbu loyihamizni amalga oshirish maqsadida Turkiya davlatidan 15 ming dona golubika ko‘chatlari olib kelindi. Bugungi kunda ko‘chatlar mahalliy iqlim sharoitiga moslashishi uchun agronomik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqin kunlarda ko‘chatlar yer maydonlariga o‘tqazilib, ularni parvarishlash ishlari boshlanadi. Eng muhimi yangi ish o‘rinlariga korxona joylashgan “Sardoba” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi band bo‘lmagan aholi vakillari ishga qabul qilinmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, golubika immunitetni mustahkamlash, ko‘rish qobiliyatini yaxshilash, yurak-qon tomir tizimini himoya qilish, oshqozon-ichak tizimi faoliyatini yaxshilash, onkologik kasalliklarga qarshi profilaktika qilish kabi foydali xususiyatlarga ega. 

4 gektar yer maydonida ekilayotgan golubika eksportbop va qimmatbaho mahsulot hisoblanadi. Uning 1 kilosi 20-30 AQSH dollari atrofida baholanadi. Golubika serhosil bo‘lib, sovuqqa chidamliligi va ekologik tozaligi bilan ajralib turadi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri