You Tube so‘nggi yillarda foydalanuvchi tajribasini yanada interaktiv qilishga katta e’tibor qaratmoqda. Endi platforma “layk” tugmasini jonlantirdi – u faqat videolar sonini oshiribgina qolmay, videoning mazmuniga mos mini-animatsiyalar bilan javob qaytarmoqda.
Masalan, avtomobil haqidagi rolikda tugma bosilganda g‘ildiraklar aylana boshlaydi, futbol videosida to‘p sakraydi, sayohat vlogida esa samolyot uchib ketadi. Shu tarzda har bir bosish foydalanuvchiga kichik mukofotdek his uyg‘otadi va oddiy tugma o‘rniga endi qiziqarli tajriba paydo bo‘ladi.
Bu o‘zgarish bir qarashda kulgili yoki kichik yangilanish bo‘lib tuyulsa-da, aslida You Tube uchun juda puxta o‘ylangan psixologik harakat. Inson miyasi vizual mukofotlarga kuchli javob beradi. Har safar “layk” bosilganda animatsiya paydo bo‘lishi — bu kichik “dofamin” demakdir.
Shunday mukofot mexanizmlari mobil o‘yinlarda ham keng qo‘llaniladi. Ular foydalanuvchini oddiy harakatni takrorlashga undaydi, miya esa bu kichik quvonchni yana his qilishni istaydi. You Tube esa endi shu psixologiyani o‘z platformasiga yanada chuqurroq singdirmoqda.
Natijada, foydalanuvchi “layk” bosishga odatlanadi, bu esa algoritmlar uchun muhim ma’lumot, ya’ni platforma har bir videoga auditoriya reaksiyasini yanada aniqlik bilan baholay oladi.
“Layk” – platformalar uchun eng muhim signal manbalaridan biri. U foydalanuvchi qiziqishi, kontent sifati va tavsiya tizimining keyingi qadamlari uchun yo‘nalish beradi. Ko‘proq “layk” orqali video algoritm tomonidan yuqoriroq baholanadi, ko‘proq tavsiya qilinadi, natijada ko‘proq tomosha va reklama daromadi paydo bo‘ladi. Ushbu o‘zgarish faqat tuyg‘u darajasida – foydalanuvchi o‘z bosishining “ta’sirini” his qiladi. Bu esa algoritmik strategiyada katta farq keltiradi: “layk”lar soni emas, balki ularning bosish chastotasi va foydalanuvchi xatti-harakati bilan bog‘liqligi tahlil qilinadi. Shunday qilib, animatsion “layk” tizimi You Tube’ga yanada aniqroq foydalanuvchi portretini tuzish imkonini beradi.
You Tube’ning “layk” tugmasini jonlantirishi — bu dizayn yoki bezak o‘zgarishi emas, balki psixologik va iqtisodiy jihatdan asosli qadam. U foydalanuvchiga zavq beradi, lekin aslida platformani yanada “aqlli” va foydalanuvchi xatti-harakatlariga moslashuvchan qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA