Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi kutubxonaga shoir va publitsist nomi berildi
17:37 / 2024-09-24

Karmana tumanidagi “Do‘rman” mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, karmanalik shoir va publitsist Shoyim Shernazar xotirasini abadiylashtirish maqsadida badiiy, tarixiy asarlar, milliy va jahon adabiyoti durdonalari jamlangan shoir nomidagi yangi “Mahalla kutubxonasi” tashkil etildi.

Xalqimiz azal-azaldan kitobni qadrlagan, uni avaylab asragan. Chunki kitob aqlni charxlaydigan, insonni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan bebaho vositalardan biri hisoblanadi.  

Bugungi kunda ham aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.  

Ushbu ziyo maskanining ochilish marosimida taniqli yozuvchilar, shoir va jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari hamda mahalla aholisi, yoshlar ishtirok etdi.  

[gallery-19422]

Shoyim Shernazar (Bibitov) 1958 yilda Karmana tumanidagi Do‘rman mahallasida tavallud topgan. Hayotini ijodga, adabiyotga bag‘ishlagan shoir va yozuvchi 2022 yilda 60 yoshida olamdan o‘tdi. U mehnat faoliyati davomida ushbu mahalla aholisining tinchligi, osoyishtaligi, ma’naviy-ma’rifiy hayoti barqarorligini ta’minlashda ham mahalla xodimi sifatida ko‘p yillar ishlab, xalq mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan samimiy inson edi.  

Sh.Shernazar “Tun ertagi”, “Sog‘inch dalasi”, “Sumbula”, “Istara”, “Ko‘ngil yo‘li”, “Chanqovuz”, “Yaproq umri” kabi o‘ndan ziyod badiiy asarlari bilan milliy adabiyotimiz xazinasini boyitish bilan bir qatorda “Jasoratning yuz lahzasi” nomli tarixiy kitobi, “Qizilqum xazinasi” kabi ko‘plab publitsistik maqolalari bilan keng kitobxonlar e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgan  

– Mahallamizda 3133 nafar aholi istiqomat qilsa, ularning 678 nafarini 7-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi, – deydi mahalla raisi Ixtiyor Haqberdiyev. – Ushbu kutubxona mahalla aholisining, ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviy yuksalishida, kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.    

Tadbir so‘nggida kutubxonaga yangi kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari