Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi kunlaring boqiy, bardavom bo‘lsin, ona-O‘zbekistonim!
09:03 / 2024-03-22

Navro‘zning ilk kuni g‘oyat shukuhli o‘tdi. Davlatimiz rahbarning bayram munosabati bilan xalqimizga tabrigi Navro‘z ayyomiga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Bahorning beqaror ob-havosiga qaramay, poytaxtimizdagi ko‘cha va xiyobonlar, maydonlar, bog‘lar-u hayotimizning haqiqiy ko‘zgusi bo‘lgan bozorlar odamlar bilan gavjum bo‘ldi. Muborak Ramazon oyidagi munavvar kunlar Navro‘zning shukuhli onlari bilan uyg‘un kelishi bu yilgi bahor ayyomining yanada fayzli,  faraxbaxsh, xalqchil o‘tishini ta’minlamoqda. Bazm yo‘g‘-u, bayram avjida. Ortiqcha hasham yo‘q, biroq o‘zaro hurmat,  izzat-ikrom, inson qadr-qimmati ustuvor.

Ramazonda rastadagi mevani ehson tarzida olgan xaridor ayol yo‘lda keta ketgunicha, uyiga yetgunicha saxiy sotuvchini duo qiladi. Shoshilib taksiga chiqqan yo‘lovchi haydovchining beminnat marhamatidan minnatdor. Kimdir ota-onasi yoki nuroniylarga bayram tuhfasini eltishga oshiqadi. Bayramga yurtdoshlarimizning oilaviy, o‘g‘il-qizi, umr yo‘ldoshi bilan kelayotganini ko‘rish qanchalar zavqli.

Hunarmandlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Ularning mashaqqatli,  ham zargarona mehnatiga tassannolar aytasiz.  

Labzak dahasi bilan Mustaqillik maydoni oralig‘idagi yo‘l piyodalarga to‘la. Borliqni bahorning mitti,  kamsuqum, chiroyi o‘zgacha darakchisi bo‘lmish binafsha ifori tutgan. Kimdir velosipedda,  birov samokat yoki skuterda sayr qilishni afzal bilgan. Har qadamda fotoapparat ko‘targan chet ellik sayyohlarni uchratish mumkin. Shu kunlarda azim shahrimizda milliy matolardan libos kiygan qiz-juvonlarga,  nabira yetaklab olgan bobo-yu buvilarga,  Navro‘z bahona diydorni g‘animat bilgan yoshlarga muntazam duch kelasiz. Do‘ppi kiygan mitti qizchalar atlas ko‘ylagini ko‘z-ko‘zlab suratga tushishdan charchamaydi. To‘g‘risi, rasmga tushayotgandan ko‘pmi  Navro‘z onlarini, chor-atrofni obyektivga muhrlayotgan ko‘pdek...  

Ko‘cha-ko‘yda o‘zbekcha kalom bilan birga ingliz, fransuz, ispan,  xitoy, koreys, nemis va boshqa xorijiy tillardagi so‘zlashuvlar quloqqa tez-tez chalinadi. O‘zbekistonda Navro‘zning qanday nishonlanishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish istagidagi sayohatchilar safi yaxshigina ortgan. Xorijlik mehmonlar dunyoda mehr, milliy o‘zlik,  ezgulik,  himmat va muruvvat, saxovat, an’analarga sodiqlik, shukronalik kabi tushunchalar aynan Navro‘zda yanada ko‘proq mujassam ekaniga o‘zlari guvoh bo‘lmoqdalar. Chet elliklar bu tabarruk diyorda tinchlik va  xotirjamlik, osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi ahillik mudom ustuvor ekani, ularning O‘zbekistonda oliy qadriyat ekanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqdalar. Navro‘z rizq-ro‘z,  tiriklik,  hayot, qadr timsoli ekaniga ishonch hosil qilmoqdalar.

Maydonlarda, bog‘-u xiyobonlarda, muhtasham majmualarda,  mahallalar, qishloq va ovullarda Navro‘z tantanalari davom etmoqda. Jahonda tengi yo‘q,  o‘xshashi yo‘q O‘zbekistonim, Navro‘zlaring, yangi kunlaring,  yaxshi kunlaring, munavvar hayoting boqiy,  bardavom bo‘lsin!  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri