"Yoshlar kuni" munosabati bilan bugun O‘zbekiston bo‘ylab 8 ta shaharda “Yangi nafas” yugurish musobaqalari tashkil etildi.
“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz” shiori ostida bo‘lib o‘tgan marafonda sirdaryoliklar ham faol ishtirok etdi. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev hamda sektor rahbarlari marafonni boshlab berdi.
Yugurish bellashuvida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Sardor Husanov, qizlar o‘rtasida Darya Antropova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga ishtirokchilar nominatsiya bo‘yicha ham rag‘batlantirildi. Xususan, "Eng yoshi ulug‘ ayol qatnashchi" nominatsiyasiga Ra’no Xolboyeva, "Eng yosh qiz bola qatnashchi" nominatsiyasiga Mashhura Ibrohimova, "Eng yoshi ulug‘ erkak qatnashchi" nominatsiyasiga Shokir Toshboyev va "Eng yosh o‘g‘il bola qatnashchi" nominatsiyasiga Salohiddin Turdibekov loyiq ko‘rildi.
Shuningdek, marafonda 100 nafarga yaqin imkoniyati cheklangan sportsevarlar ham ishtirok etdi. Husan Abdurahmonov, O‘ktam Ummatov, Diyorjon Ishmatov marraga birinchi yetib keldi.
–Ushbu marafon viloyat yoshlarini yanada birlashtirdi, – deydi Husan Abdurahmonov. –Tadbir tashkilotchilariga samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.
Tadbir yakunida g‘oliblar va ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-7740]
Sh. Suyarov,
F. Toshmatov,(suratlar) O‘zA