Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi korxonalar aholini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda
17:50 / 2023-02-06

Islohot

Joriy yil 1 yanvardan respublikaning 208 ta tuman va shaharlari beshta toifaga ajratildi. Hududlar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari, subsidiyalar berilishi belgilandi.

Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida qayd etilgan.

Bo‘ston tumani iqtisodiy sharoiti og‘ir bo‘lgan beshinchi toifaga kiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 1 fevral kuni Andijon viloyatiga tashrifi aynan shu hududdan boshlangani ham bejiz emas.

– Hududlar orasida iqtisodiy tengsizlikni qisqartirishida 2022 yil 30 dekabrda imzolangan Prezident farmonining ahamiyati katta, – deydi Bo‘ston tumani hokimi Sanobar Nosirova. – Prezidentimizga tumanni beshinchi toifadan uchinchi toifaga o‘tkazish uchun qanday loyihalarni amalga oshirishimiz haqida ma’lumot berdik. Investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni oldik. Keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishimiz natijasida yil oxirigacha 24 mingta ish o‘rni yaratib, hududni oldingi o‘rinlarga olib chiqishga harakat qilamiz.

Andijonda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sanoatning asosiy tarmoqlaridan biri sanaladi.

Bo‘ston tumanidagi “Sayyora favvorasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Elegance SM” korxonasi tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradi. Korxonada bugun ming nafar hudud aholisi doimiy ish bilan ta’minlangan.

– Prezidentning korxonamizga tashrif buyurgani bizga katta kuch bag‘ishladi, – deydi “Elegance SM” korxonasi rahbari Jahongir Ulug‘bekov. – Faoliyatimiz hozirgi kunda klaster shakliga o‘tib bormoqda. Dastlab ip-yigiruv fabrikasi shaklida ishlagan bo‘lsak, keyinchalik ko‘ylak tikishni yo‘lga qo‘ydik. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, loyihamiz umumiy qiymati 113 milliard so‘mga teng. Korxonamizda erkaklar, ayollar va bolalar uchun 50 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Yaqinda – o‘tgan yilning dekabr oyida ish boshlagan ushbu korxona tomonidan tayyorlanadigan sifatli, bejirim mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan.

Yillik eksport hajmi 4 million dollarni tashkil etadigan korxonaga Turkiyadan eng zamonaviy tikuv uskunalari keltirib o‘rnatildi. Bu yiliga katta hajmda – 1,2 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Korxonada xotin-qizlarni kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazi tashkil etilgan. Markazda xotin-qizlar malakasi oshirilib, mazkur korxonaning o‘ziga ishga qabul qilinadi. Hududdagi ishsiz, lekin ishlash istagi bo‘lgan yuzlab qiz-ayollar mazkur o‘quv markazida hunar o‘rganib, ishga joylashdi.

– Bir yil avval “Ayollar daftari”da turar edim, – deydi tikuvchi Gavhar Hakimova. – Bu korxona mahallamiz hududida tashkil qilinganidan keyin men kabi ko‘plab ishsiz xotin-qiz tikuvchi bo‘lib ishga joylashdik. Oylik daromadimiz yomon emas. Oilamizga ancha yordam bo‘lyapti. Hozir moddiy ahvolimiz yaxshilandi – ijtimoiy daftardan chiqarildim.

Prezident bu korxonaga zamin yaratilayotganda bugungiday bo‘lib ketishiga, yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etishiga ko‘pchilik ishonmaganini yodga oldi. Hududda mana shunday korxonalar ochilib, odamlar daromad topayotgani quvonarli ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari bu kabi loyihalar davom ettirilib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish lozimligi bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA