Namangan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Abdurazzaqov Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
3 gektar hududni egallagan mazkur kichik sanoat zonasida 22 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ikki hafta oldin bu yerda ish boshlagan “Dream lider textil” korxonasi bugunga kelib shou-rum ochishga ham ulgurdi.
Tadbirkorlar – Anvar Rahimov va Xudoyberdi Mirzayev to‘rt oy davomida izchil ish tashkil etgan holda o‘ziga ajratilgan 15 sotixlik yer maydonida ikki qavatli ishlab chiqarish binosini qurib bitkazib, tikuvchilik korxonasini to‘la jihozladi.
2 milliard 680 million so‘mlik asbob-uskunalar o‘rnatilgach, korxona joriy yilning 7 yanvaridan ish boshladi. Mahalla daftariga kiritilgan 120 nafar ayol va yoshlar ish bilan ta’minlandi.
– Bandlikka ko‘maklashish markaziga bo‘sh ish o‘rni haqida ma’lumot berganmiz, – deydi jamiyat direktori Anvar Rahimov. – 80 ta ish o‘rnimiz bor. Ushbu kichik sanoat zonasida birinchi bo‘lib faoliyat boshlaganimiz tufayli barcha ish so‘raganlar bizga kelishmoqda. Ularni ish bilan band etmoqdamiz. Ikkinchi bosqichda yana 100 kishini ish bilan ta’minlaymiz. Korxona to‘la quvvat bilan ishlasa 300 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA