Andijon viloyatida “Emery Pharma” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tibbiy shprits va sistema ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi.
Navro‘z bayrami kuni Andijon tumani Jevachi mahallasidagi farmatsevtika zonasida ish boshlagan yangi korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov keyingi yillarda yurtimizda, xususan, Andijonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lami ortib borayotganligi, bu yurtimizga chetdan olib kelinayotgan tibbiy mahsulotlarni kamaytirish, qolaversa, aholi salomatligini mustahkamlash hamda bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.
Tadbirkor Saydullo Dadaxo‘jayev rahbarligida umumiy qiymati 87,9 milliard so‘mga teng loyiha doirasida tashkil etilgan mazkur korxonaga xorijiy davlatlardan zamonaviy jihoz va uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Korxonada yiliga qiymati 82 milliard so‘mga teng 300 million dona bir marotabalik tibbiy shpirits va sistema ishlab chiqariladi.
Ikki qavatli, qariyb ikki gektar maydonni egallagan mazkur korxonaning ishga tushishi bilan 200 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Korxonada ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
[gallery-6256]
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat) O‘zA,