Yangi korxona mahalliylashtirish dasturi doirasida ish boshladi
Xorazm viloyatida devorbop gulqog‘ozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona o‘z faoliyatini boshladi.
Xorazm viloyatida devorbop gulqog‘ozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur loyiha Xorazm viloyati hokimligi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikdagi mahalliylashtirish dasturi asosida amalga oshirildi.
“NEW BEST STYLE” MChJning gulqog‘oz ishlab chiqarish yillik quvvati 700 ming rulonni tashkil etadi. Korxona bosqichma-bosqich ishlab chiqarish quvvatini oshirib boradi. Xususan, 2020 yili umumiy qiymati 6 milliard 830 million so‘mlik bo‘lgan 490 ming rulon mahsulot tayyorlansa, shundan 147 ming ruloni eksport qilinadi. Natijada mahalliylashtirish darajasi 38,39 foizni tashkil etadi.
2021 yilda 560 ming rulon gulqog‘oz ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 168 ming rulon tayyor mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan. Korxona energiya tejamkor, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. E’tiborlisi, bu yerda 40 dan ortiq xorazmlik yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2020-2021 yillarda gulqog‘ozlar bo‘yicha umumiy qiymati 16 million 300 ming dollar bo‘lgan 3 loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalari amalga oshirilgach, gulqog‘ozlarga bo‘lgan talab to‘la qondiriladi, ya’ni ishlab chiqarish quvvati 6 million 600 ming rulonga yetkaziladi.