Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida qop ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Korxonada hozirgi kunda 10 nafar ishchi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, mahsulotlar nafaqat ichki bozor, balki eksport yo‘nalishi uchun ham mo‘ljallangan. Yaqin kunlar ichida korxona faoliyati kengaytirilib, ish o‘rinlari soni 50 taga yetkaziladi.
Ishlab chiqarish jarayonida zarur xomashyo va zamonaviy asbob-uskunalar Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan. Ularning umumiy qiymati 15 million AQSH dollariga teng.
Bugungi kunda korxonada 6 turdagi turli o‘lchamdagi qoplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, qisqa futsatlarda, ular 19 turni tashkil yetadi. Quvvati bo‘yicha ishlab chiqarish liniyasi bir kunda 100 ming dona turli hajmdagi qop tayyorlash imkoniyatiga ega.
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i F. Ortiqov rahbarligidagi ishchi guruh tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan joylarga chiqib tanishmoqda. Bu tashriflar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotir.
Mazkur korxona ishga tushirilishi mahalliy mahsulotlar hajmini ko‘paytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportbop tovarlar ulushini kengaytirishga xizmat qiladi.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri