Quyi Chirchiq tumanidagi “Sergeli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Turkiyaning yirik tekstil kompaniyasi “TESMAK TEXTILE MAKINA” korxonasi bilan birgalikda “TALOS” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi va “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirildi. Korxonaning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tuman hokimligi mas’ullari, soha mutaxassislari va hudud faollari qatnashdi.
Prezidentimizning 2024 yil 1 maydagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarining xorijiy bozorlarga kengroq kirib borishi uchun sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-19614]
– Hozirda tashkil etilgan yangi korxonada 30 ta yaqin ishchi o‘rini yaratilgan, – deydi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Bahodir Umurzoqov. – Shuningdek, 2024-2025 yillarda 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda asosan xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yerda qamishdan tayyorlangan ipdan mato to‘qiladi. Hozircha asosiy xomashyo xorijdan olib kelinmoqda. Ishlab chiqarilgan mato asosan xorij davlatlariga eksport qilinadi.
Mazkur loyiha uchun Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan 3 milliard so‘m, Turkiya davlatidan kelgan investorlar tomonidan esa 1,5 million dollar mablag‘ ajratildi. Natijada hududda yangi bino qurilib, zamonaviy texnikalar o‘rnatildi. Kelgusida esa kattalar va bolalar uchun “TALOS” MCHJ QK tomonidan to‘qilgan matolardan taniqli brendlar asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarib Yevropa, Osiyo, shuningdek, G‘arb davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan. Muhimi, jamg‘arma tomonidan ajratilgan mablag‘lar kelgusida olingan daromadlardan qaytariladi va yangi loyihalarga yana sarflanadi.
Tadbir ishtirokchilari korxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida to‘quv dastgohlarini SHOWROOM taqdimotlari o‘tkazildi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA