Andijon tumanida “Gold Medicine Farm Andijan” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida ish boshlagan yangi korxonaning ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar keyingi yillarda yurtimizda, xususan, Andijonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lami ortib borayotganligi, bu yurtimizga chetda olib kelinayotgan dori mahsulotlarini kamaytirish, qolaversa, aholi salomatligini mustahkamlash hamda bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
[gallery-3632]
Umumiy qiymati 35,7 milliard so‘mlik loyiha doirasida tashkil etilgan mazkur korxonaga Xitoy va boshqa xorijiy davlatlardan zamonaviy jihoz va uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Korxonada yiliga 70 million qadoq sifatli dori vositalari ishlab chiqariladi.
Korxonaning ishga tushishi bilan 70 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Korxonada ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),
O‘zA