Xalqaro M-34 "Toshkent – Dushanbe" avtomobil yo‘lining 121-kilometrida Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahri bilan bog‘lovchi (yo‘l o‘tkazgich) ko‘prik qurilmoqda.
Ko‘prik qurilishi "O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli "Ko‘prikqurilish" UK 67-sonli "Ko‘prikqurilish" otryadining Ravshan Qo‘chqorov boshchilik qilayotgan ko‘priksoz quruvchilari tomonidan 2021 yil may oyida boshlangan. Loyiha qiymati 81 milliard 500 million so‘m bo‘lgan qurilish ishlarining 90 foizi bajarilgan. Yangi ko‘prikning balandligi 8 metr (ilgari 6 metr edi), uzunligi 246 metr, eni 22 metrni tashkil etadi. Kuniga 12 mingta avtomobil qatnoviga mo‘ljallangan.
– Muhim ahamiyatga ega ushbu ob’ekt qurilishi katta mas’uliyat talab qiladi, – deydi bo‘lim boshlig‘i Abdumajid O‘ralov. – Shuning uchun ishni ikki smenada tashkil etganmiz. Qurilish ishlariga 230 nafar ko‘priksoz quruvchi, 20 ta maxsus texnika, 15 ta transport jalb qilingan. Ishchilarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ko‘prikda himoya panjaralari, piyodalar yo‘lagi, nogironlar uchun alohida maxsus yo‘laklar ham bunyod etilmoqda. Bundan tashqari, 88 ta tungi chiroqlar o‘rnatilib, unga alohida transformator qo‘yildi. Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayevning qurilish jarayoni bilan tanishish uchun tez-tez kelib turishidan ishchilar mamnun.
Bu e’tibor ularga yanada g‘ayrat va mas’uliyat bag‘ishlaydi.Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshiriladigan ko‘prik sirdaryoliklar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ladi.
[gallery-8131]
Shuhrat Suyarov,
Furqat Toshmatov (surat), O‘zA