Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Konstitutsiya – sud qarorlari barqarorligining yangi asosi
12:52 / 2023-05-04

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar jarayonida tarixiy burilish bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xalqimiz azaldan o‘ziga boshpana qilishga, uy-joy qurishga katta ahamiyat beradi. Har bir inson risoladagidek hayot kechirishi, barkamol farzandlar tarbiyalashi, jamiyatda o‘ziga munosib kasb bilan shug‘ullanishi uchun eng avvalo o‘z uyiga – ota-bobolarimiz ta’biri bilan aytganda, Vatan ichra vataniga ega bo‘lishi kerak. Shuning uchun o‘zbek oilasi borki, o‘z uyi bo‘lishi uchun tinmay harakat qiladi, intiladi, mehnat qiladi.    

Uy-joyga bo‘lgan huquq xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib turmush darajasiga ega bo‘lish huquqining muhim elementi sifatida qaraladi. Shu bois, mamlakatimizda ijtimoiy siyosatning eng muhim vazifalaridan biri fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir. Bunda turar joylarga nisbatan mulk huquqining belgilanishi muhim ahamiyat kasb etadi.  

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining    

47-moddasi bilan birinchi marta yurtimizda har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi asosiy ijtimoiy huquqlar safida belgilab qo‘yildi.  

Endi hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi.  

Amaldagi Konstitutsiyaning 31-moddasiga ko‘ra, har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.  

Mazkur normalar uy-joy ham mulk huquqi ob’ekti sifatida samarali himoya qilinishi, ayniqsa, uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risidagi nizolarga oid ishlar sud tomonidan ko‘rilayotganda qonun hujjatlarining to‘g‘ri  qo‘llanishi fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini himoya etishda muhim ahamiyatga ega.  

Fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan uy-joy munosabatlari bilan bog‘liq ishlar yuzasidan statistik ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, 2015 yilda 13 111 ta, 2016 yilda 14 815 ta, 2017 yilda 14 534 ta, 2018 yilda 13 313 ta, 2019 yilda 10 005 ta, 2020 yilda 8 085 ta, 2021 yilda 20 913, 2022 yilda 19 915 ta, 2023 yilning birinchi choragi holatiga 4 226 ta ish ko‘rilgan.    

Sudlar tomonidan uy-joyga oid ko‘rilgan ishlar amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, uy-joyni xususiylashtirish bilan bog‘liq, uydan ko‘chirish, uyga kiritish, uy-joydan foydalanish tartibini belgilash, uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish, uyga yoki uning bir qismiga (ulushga) bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, umumiy ulushli mulk huquqi asosida bir necha shaxsga yoki umumiy birgalikdagi mulk huquqi asosida er-xotinga tegishli uydan ulushni ajratib berish (uyni bo‘lish), umumiy ulushli mulk bo‘lgan uydagi ulushlari miqdorini o‘zgartirish haqidagi, umumiy ulushli mulk bo‘lgan uydagi ulushini imtiyozli asosda sotib olish huquqi haqidagi kabi turar joy mulkdori, oila a’zolarining, ijaraga va arendaga oluvchilarning turar joydan foydalanishiga oid nizolar ko‘p uchraydi.    

Uy-joyga oid huquqlarni sud orqali himoya  qilish nafaqat buzilgan huquq tiklanishi, balki huquq buzilishi natijasida keltirilgan zarar qoplanishi, kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan to‘sqinliklar bartaraf etilishi bilan alohida ahamiyatga egadir.  

Uy-joyga oid huquqiy munosabatning o‘ziga xosligi va murakkabligi, qonun  hujjatlarining uy-joyni xususiy mulk ob’ekti sifatida himoyasini tartibga solish uchun zamon talabiga mos darajada takomillashmagani sudlar tomonidan uy-joy qonunchiligi turlicha talqin qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.  

Bu borada turar joyga mulk huquqiga nisbatan Fuqarolik kodeksi va Uy-joy kodeksi normalari o‘rtasidagi tafovutlar, qaysi holatlarda qaysi normani qo‘llash aniq belgilanmaganligi sudlarda nizolarni hal etishda qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.  

O‘ylaymizki, uy-joyga bo‘lgan huquqning yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi mustahkam kafolati bu boradagi qonunchilikni davr talabidan kelib chiqib takomillashtirilishiga turtki bo‘ladi. Zero, sudning hal qiluv qarori mukammal qonunchilik bilan barqarordir.  

 

Raʼno Husainova, 

Abror Rahmatov, 

Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari