English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Konstitutsiya – osuda, obod hayotimiz kafolati
16:40 / 2023-12-08

Konstitutsiya — davlatni davlat, millatni millat qiladigan muhim siyosiy hujjat hisoblanadi. Boshqacha aytganda, jamiyat tayanchi va yurtimiz taraqqiyotining huquqiy kafolati, davlatimiz mustaqilligining yorqin ramzi, ko‘p millatli xalqimiz xohish-irodasining qonuniy ifodasidir.

Xalqimiz ulug‘ maqsadlar yo‘lida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqdi va joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qildi. Yangi O‘zbekistonda boshlangan islohotlar, xalqni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash, ochiq demokratik davlat barpo etish va davlat qurilishida ustuvor bo‘lgan inson-jamiyat-davlat tamoyili konstitutsiyaviy islohotlarning bosh mezoni bo‘ldi.  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning barcha tashkilotlarida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisida ham xodimlar uchun davra suhbatlari tashkil etilib, xalqaro hamkorlarimiz bilan ijtimoiy roliklar suratga olindi. Bundan ko‘zlangan maqsad Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari, inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalari to‘g‘risidagi normalar haqida keng tushuncha berishdan iborat.  

Misol qilib oladigan bo‘lsak, Asosiy qonunimizning 18-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”, deb belgilangan. 13-moddada “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deya qayd etilgan. Shuningdek, Bosh qomusimizning 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, degan norma belgilangan. Ushbu normalar faoliyatimizga bevosita taalluqli hisoblanadi.    

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan konstitutsiyaviy normalarning ijrosini so‘zsiz ta’minlash barcha sohalarda “inson qadri”ning tom ma’noda yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” degan tizimga asoslangan yangi va zamonaviy tarzda boshqarish imkonini beradi. Shu boisdan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya ijrosini to‘liq ta’minlash barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasidir. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada, eng avvalo, “inson qadri”ning yuksalishiga urg‘u berilgan. 

Shuningdek, jamiyat hayotida Konstitutsiyaning ahamiyatini oshirish, ularni har bir davlat xodimining har kunlik faoliyatiga tatbiq etish, xalqqa xizmat ko‘rsatishning sifat darajasini oshirishga erishish asosiy maqsadlarimizdan biri deyish mumkin. Ayni paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiq axborot siyosati natijasida davlat organlarining ochiqligi va oshkoraligi ta’minlanib, fuqarolarning axborot olish huquqi va imkoniyatlari yanada oshdi. Bu jarayondagi ilg‘orlik yanada jonlanishi tarafdorimiz.  

Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida jipslashishimiz juda muhim. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, ta’kidlash joizki, Konstitutsiya va qonunlar – umumxalq ovozi, erk-irodasidir. Unda o‘z aksini topgan normalar, huquqiy qadriyatlar davlat uchun ham, davlat organlari, davlat xizmatchilari va fuqarolar uchun ham birdek taalluqlidir.    

Insonning sha’ni va qadr-qimmati, huquqlari garovga tikilmaydi, birovga berilmaydi, birovdan tortib olinmaydi, hadya etilmaydi, oldi-sotdi qilinmaydi, insondan ajratib bo‘lmaydi, pul bilan o‘lchanmaydi. Sha’n va qadr-qimmat ana shunday shaxsiy huquqlardir. Unga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q!  

Shuni unutmasligimiz kerakki, Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning asl muallifi – xalq. Shunday ekan bu bayram barchamizniki. Konstitutsiya qabul qilindi va kuchga kirdi. Navbat – amaliy ishlarga!  

Yurt tinchligi, inson qadr-qimmati va aholi farovonligi bosh g‘oya etib belgilangan Oliy huquqiy hujjatimiz endilikda osuda va obod kelajagimiz, to‘kin turmushimiz uchun xizmat qilmoqda.  

 

Mohinur QUDRATULLAEVA,  

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi  

huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish  

va texnologiyalar transferi  

Milliy ofisi axborot xizmati rahbari  

O‘zA